Litsey bitiruvchilariga diplomlar topshirildi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Madaniyat markazida Buxoro davlat universiteti qoshidagi Qorako‘l akademik litseyi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida yakuniga yetgan o‘quv yilida namunali xulqi va a’lo o‘qishlari bilan e’tiborga tushgan iste’dodli o‘quvchilar va faoliyatda o‘rnak bo‘layotgan ilg‘or, izlanuvchan pedagoglar munosib rag‘batlantirildi.

–Ta’lim va tarbiyada o‘ziga xos tajriba maktabini yaratgan akademik litseyimizdan bu yil “uchirma” bo‘layotgan 168 nafar o‘quvchimizning 96 nafari litseyni a’lo darajali diplom bilan tugatgani navbatdagi muvaffaqiyatimizdir, –deydi litsey direktori G‘olibjon Jumaqulov. –Bularning o‘ndan ortig‘i allaqachon viloyatimiz va respublikadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarining talabasi bo‘lishga erishgan. Qolaversa, bitiruvchilarimizning 12 nafari xorijiy tillar bo‘yicha “IELTS” sertifikatini, 58 nafari “GEFR” darajalarini qo‘lga kiritdi. Bulardan tashqari, yana 62 nafar bitiruvchi yigit-qizimiz boshqa fanlar bo‘yicha ham milliy sertifikatlarga ega va, albatta, muayyan imtiyozlarni qo‘lga kiritishgan.

Bitiruvchilarga diplom topshirish tadbirida Buxoro davlat universiteti rahbariyati, bitiruvchilarning ota-onalari, ularning ustozlari so‘zga chiqib, dil so‘zlari va tabriklarini izhor qildi. Mustaqil hayotda yoshlarga oq yo‘l tiladi. Yosh iste’dodlarning kelgusida xalq xo‘jaligining turli jabhalarida mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan malakali mutaxassislar bo‘lib kamolga yetishiga ishonch bildirildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri