Lionel Skaloni Islandiya bilan o‘yin oldidan Lionel Messining holati haqida gapirdi
Yulduz hujumchi "albiseleste" qarorigohiga mushaklaridagi jarohat bilan yetib kelgan edi.
Argentina milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni 38 yoshli hujumchi Lionel Messining Islandiyaga qarshi bo‘lajak o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushish-tushmasligi borasidagi savolga javob berdi.
"Leo o‘ynaydi. Biroq uning maydonda necha daqiqa harakat qilishini hozircha aniq ayta olmayman. Bu masalani mashg‘ulot davomida muhokama qilib olamiz. Biz har qanday tavakkalchilikdan qochishimiz kerak. Yakuniy qaror o‘shanda qabul qilinadi", — deya mutaxassisning so‘zlarini keltirmoqda ESPN telekanali.
Yulduz hujumchi "albiseleste" qarorigohiga mushaklaridagi jarohat bilan yetib kelgan edi. Bo‘lajak JCh-2026 musobaqasining guruh bosqichida Argentina terma jamoasi Avstriya, Jazoir va Iordaniya milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.