Limonchilikda ilm va innovatsiya samarasi (+video)
Bundan besh yil avval davlatimiz rahbarining “Limonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingandi. Unda Toshkent davlat agrar universiteti huzurida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sitrus, subtropik va tropik o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha kichik innovatsion korxonani tashkil etish choralari belgilab berildi.
Bunda, korxonaning asosiy vazifasi sifatida «fan-ta’lim-ishlab chiqarish»ning uzviy integratsiyasini ta’minlash, dars mashg‘ulotlarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda amalga oshirish va talabalarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga e’tibor qaratilgandi.
Shundan buyon bu sohada talabalar, magistrlar va doktorantlar tomonidan bir qator ilmiy izlanishlar olib borildi. Natijada sitrus, subtropik va tropik o‘simliklarni yetishtirish texnologiyalari bo‘yicha o‘nlab dissertatsiyalar himoya qilindi. Masalan, yosh olima Maftuna Mahmudjonova ustozlari bilan birgalikda yangi sitrus meva ustida ish olib bordi va mahalliylashtirdi. Yaqin yillar ichida ushbu o‘simlik O‘zbekistonda keng ommaviylashtiriladi.
- Hozirda yangi navni ixtiro qilish arafasidamiz, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti mustaqil tadqiqotchisi Maftuna Mahmudjonova. - Grinfrutning “O‘zbekiston” degan yangi navini kiritdik. Bu meva inson organizmiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. S vitaminlari mavjudligi bois insonning sog‘lom bo‘lishiga xizmat qiladi.
Toshkent davlat agrar universitetida ustoz-shogird an’analari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, keyingi yillarda mintaqamiz uchun noan’anaviy bo‘lgan ko‘plab serdaromad o‘simliklar mahalliylashtirilmoqda. Masalan, golubika, apelsin, mandarin, banan, kivi, limonning o‘nlab turlari ustida tadqiqotlar olib borildi va ular hozirda respublikamizning turli burchaklarida issiqxonalarda ko‘paytirilyapti.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining shu yilning 4-5 fevral kunlari Malayziyaga qilgan rasmiy tashrifi davomida ko‘plab sohalar qatori qishloq xo‘jaligida hamkorlik qilish bo‘yicha ham hujjatlar imzolangandi. Bugungi kunda bu bo‘yicha ham Toshkent davlat agrar universitetida amaliy sa’y-harakatlar boshlab yuborildi.
- Respublikamizda qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligida Toshkent davlat agrar universitetida asosiy yo‘nalishlar bor, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti kafedra mudiri Sirojiddin Jo‘rayev. - Kunduzgi va sirtqi ta’lim yo‘nalishlari hozirda mavjud va kechki ta’limni ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Muxtaram Prezidentimiz Malayziya davlatiga safarda bo‘ldilar va Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Oliy ta’lim o‘rtasida ko‘plab bitimlar imzolandi.
Hozirgi kunda qishloq xo‘jligida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilyapti. Kuni kecha Malayziyaning birinchi o‘rinda turadigan raqamli texnologiya sohasi rivojlangan universitetlarning bir guruh mutaxassislari bilan seminar o‘tkazdik. Sababi raqamli texnologiya, innovatsion yechimlar bilan bugun aholini oshib borayotgan ehtiyojlarini ta’minlashga, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘proq yetishtirishga erishamiz.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/DI--jkYD6vM?si=VBEfdTdWgBcuCtVv" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA