Limon ham shifo, ham daromad
Oxirgi yillarda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida limonchilik sohasida erishilayotgan natijalar, zamonaviy issiqxonalar faoliyati va mahalliy dehqonlarning mehnati hududning agrar salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Issiqxona xo‘jaliklarda limon yetishtirishga ixtisoslashgan tadbirkorlar sonining ortib borayotgani esa sohaning iqtisodiy ahamiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirish va eksport salohiyatini kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni kunlarda kuz faslining salqin havosiga qaramay, tumandagi ayrim issiqxonalarda limon hosilini yig‘ib olish ishlari qizg‘in.

Xususan, limonchilik sohasida o‘n yillik tajribaga ega tadbirkor O‘lmas Mahmudov rahbarligidagi “RAVON OZODA RIVOJ” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati e’tiborga molik. Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 2,8 gektarni tashkil etadi. Shundan 2 gektari limon yetishtirishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy issiqxonadan iborat. Mazkur xo‘jalikda ko‘p yillardan buyon limon yetishtirib kelinmoqda. Bu yerda har yili o‘rtacha 15–20 tonnagacha hosil olinayotgani issiqxona imkoniyatlari va sohada to‘plangan tajribaning samarasini ko‘rsatadi.

– Xo‘jaligimizda o‘n nafardan ortiq doimiy ish o‘rni yaratilgan, – deydi tadbirkor O‘lmas Mahmudov. – Hosilni yig‘ib olishda esa 50–60 nafarga yaqin mahalliy aholi vakili mavsumiy ishga jalb etiladi. Bu esa aholining bandligini ta’minlash va oilaviy daromadlarini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Jarayonda terilgan limon mevasi saralanadi va maxsus qog‘oz qutilarga joylanadi. Zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yetishtirilayotgan limonlar poytaxtdagi yirik savdo majmualariga yetkazib berilmoqda. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi korxonalari mahsulotlari uchun asosiy eksport bozori hisoblanadi.
Xo‘jalikda katta sig‘imga ega zamonaviy sovutgichli omborning mavjudligi ham muhim ahamiyatga ega. U mahsulotlarning sifatini saqlash, belgilangan muddat davomida eksportga tayyorlash imkonini beradi.

Limonchilikda yuqori natijalarga erishishda mahsulot sifati va fitosanitariya xavfsizligini ta’minlash ham muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Toshkent viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasining Yuqori Chirchiq tuman bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaliklari yerlari, bog‘lar, tomorqalar va issiqxonalarda yetishtirilayotgan o‘simliklar fitosanitariya nazoratdan o‘tkazib kelinmoqda. Hududdagi 56 gektar maydondagi 27 ta issiqxonada limonchilikdan tashqari turli sabzavot ekinlari ham parvarishlanyapti. Ularda muntazam ravishda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.

Fitosanitariya inspektorlari tomonidan muntazam ravishda dala nazorati amalga oshirilib, shubha uyg‘otgan ko‘chatlardan namunalar olinmoqda va maxsus laboratoriyalarga yuborilmoqda. Agarda kasallik aniqlansa, laboratoriya xulosalari asosida unga qarshi kurashish choralari bo‘yicha tavsiyalar berilyapti.

Qayd etish joizki, zamonaviy issiqxonalar faoliyati va limonchilikda to‘planayotgan tajriba hududning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday xo‘jaliklar faoliyatini rivojlantirish agrar tarmoq salohiyatini oshirish va mamlakatimiz eksport imkoniyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA