Lider fermerlar qishloq ayollariga ko‘maklashadi
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tizimidagi O‘zbekiston agro axborot innovatsiya markazi AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Qishloq ayollarini lider fermer ayollar orqali agrar tarmoqqa qo‘shilgan qiymat zanjiriga jalb etish va ularning turmush darajasini yaxshilash” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha AQSHning kichik grantlar dasturi orqali moliyalashtirilmoqda.
Loyihaning maqsadi qishloqdagi xotin-qizlarni lider fermer ayollar bilan bog‘lash, ular orqali daromadi past, kam ta’minlangan ayollarga ko‘maklashish, qishloq sharoitida tomorqasidan samarali foydalanish, issiqxona xo‘jaliklari, chorvachilik, parrandachilik va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish orqali qo‘shimcha daromad topish hamda turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan.

Hozirga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida faoliyat yurituvchi fermer ayollar orasidan chiqqan liderlar o‘z hududidagi kam ta’minlangan va ehtiyojmand ayollarni qishloq xo‘jaligiga jalb etib, ularning daromadini oshirishga ko‘maklashadi.Negaki, loyiha doirasida hududlarda istiqomad qiluvchi ayollarga tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur asbob-uskuna va xom-ashyo bilan yordam ko‘rsatish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotishga ko‘maklashish jarayonlarini tashkil etish uchun yetakchi-lider fermer ayollar biriktiriladi.
Buning uchun esa mutaxassislar har bir hududlarda bo‘lib, fermer ayollarning liderlari bilan uchrashib, qishloqdagi xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, aholining daromad manbalarini ko‘paytirish va ishsizlikni bartaraf etishga erishishdi.
O‘zA