«Leta» axborot agentligi rahbari bilan uchrashuv
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov 23 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti sayloviga xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan Latviyaning “Leta” axborot agentligi Bosh direktori Yuris Mendzinsh bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yuris Mendzinsh o‘z faoliyati davomida “Baltika” yangiliklar xizmati, “Delfi” axborot xizmati, Latviyaning kundalik gazetasi “Diyenas Mediji” hamda “Ascendum Media” radiokanalida jurnalist, muharrir va direktor lavozimlarida ishlagan. 2015 yildan «Leta» axborot agentligini boshqarib keladi. Agentlik boshqaruv a’zosi.
A.Ko‘chimov xorijlik hamkasbini tashrifi bilan qutlab, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, so‘z va matbuot, fuqarolarning axborot olishga oid huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda yuz berayotgan yangiliklarni jahon hamjamiyatiga targ‘ib qilishda, jamiyat hayotiga daxldor masalalarni ommaga, ayni paytda fuqarolarning murojaatlarini boshqaruv organlariga yetkazishda ko‘prik vazifasini o‘tayotgani ta’kidlandi.
Mehmon O‘zA faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, aholini xolis va tezkor axborot bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha tanishtirildi.
Yuris Mendzinsh «Leta» axborot agentligining yoshi O‘zA bilan qariyb baravar ekani, agentlik xususiy muassasa sifatida bugungi kunda 10 dan ortiq xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatganini ta’kidladi.
Uchrashuv doirasida, shuningdek, agentliklar o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
Gulruh Abdullayeva,
O‘zA