“Lazzatli O‘zbekiston” – unda taom tayyorlashdagi aniqlik aks etgan
O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi “Lazzatli O‘zbekiston” birinchi kulinar ensiklopediyasini taqdimotini o‘tkazdi.
O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi “Lazzatli O‘zbekiston” birinchi kulinar ensiklopediyasini taqdimotini o‘tkazdi.
Ushbu gastronomik ensiklopediya milliy oshxonamizga xos bo‘lgan pazandachiligimiz namunalarini o‘zida jamlagan. Uch tilda chop etilgan dastlabki kitob hisoblanadi. Unda Butunjahon oshpazlar uyushmasi tasdiqlagan o‘zbek milliy brend taomlari, ularni tayyorlanishi va taqdim etish qoidalari batafsil keltirilgan.
– Dunyoning turli davlatlarida o‘zbek oshxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish urfga kirmoqda, – deydi O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov. – Ayniqsa, taomlarni tayyorlash texnologiyasi haqida rus tilida ko‘p so‘rashadi. Shuni hisobga olib, kitobda taomlar qanday haroratda, qancha vaqtda tayyorlanishi qolaversa, har 100 grammda qancha kilokaloriya borligi ko‘rsatib berildi. Bu kitobning hozirga qadar yaratilgan kitoblardan farqi unda har bir taom tayyorlanib, jarayon qadam-baqadam yozib olindi. Suratga tushirildi.
Milliy taomlarimizni nafaqat saqlab qolish, balki uni dunyo ommasiga havola etishga xizmat qiluvchi kitobni yaratishda Umid Ahrorov, Tolibjon Umaraliev kabi ustoz texnologlar va yosh oshpaz Ahmadjon Hamdamov munosib hissa qo‘shdi.
Bir yil davomida tayyorlangan kitobda lug‘at ham mavjud. Oshpazlar birgina kartoshkani qovurishni bir necha turi borligini hisobga olib, qaysi taomda uni qanday tayyorlashni aniqlashtirib, lug‘at keltirgan.
Keltirilgan o‘zbekcha, ruscha, inglizcha oziq-ovqat mahsulotlari, oshxona jihozlari va taom tayyorlash jarayonida qo‘llaniladigan so‘zlarning terminologik lug‘ati xalqaro tanlovlarda soha vakillari va tarjimonlar uchun amaliy yo‘riqnoma bo‘lishiga shubha yo‘q.