Latviya O‘zbekistonning eng faol savdo hamkorlaridan biridir
O‘zbekiston-Latviya hukumatlararo komissiyasining ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va Latviya dehqonchilik vaziri Kaspars Gerxards raisligida onlayn formatda o‘tkazilgan mazkur tadbirda ikki mamlakatning sohaga doir vazirlik va idoralaridan mas’ullar ishtirok etdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tomonlar o‘rtasida savdo-iqtisod, turizm, ta’lim, transport-logistika sohalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalar, standartlashtirish va fitosanitariya tarmoqlari hamda qishloq va o‘rmon xo‘jaligi hamda chorvachilik jabhalarida hamkorlik va investitsiyalar masalalari muhokama qilindi.
- Latviya Yevropa davlatlari orasida O‘zbekistonning eng asosiy va faol savdo hamkorlaridan biridir, - dedi J.Xo‘jayev. - Pandemiya tovar aylanmasining tushishiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi, ammo ushbu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirishimizga ishonaman. Eksport va import xajmlarini balanslashtirish muhim.

O‘zbekiston Latviya bozorining to‘qimachilik sanoati tovarlari, ko‘nchilik va charm mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, yangi va quritilgan meva-sabzavotlarga bo‘lgan talabini qondira oladi. O‘z navbatida, Latviyadan yog‘och-taxta va undan ishlangan buyumlar, don va undan qayta ishlangan mahsulotlar, mebel aksessuarlari, yorituvchi asboblar, tibbiyot uskunalari, optika jihozlari, sut mahsulotlarini harid qilishga tayyormiz.
Har ikki davlat ham salmoqli eksport salohiyatiga ega. Qayd etilishicha, savdo missiyalarini faollashtirish, savdo uylarini ochish, o‘zaro yetkazib berish uchun istiqbolli mahsulotlar ro‘yxatlarini muntazam almashish ikki tomonlama tovar aylanmasini oshirishda katta rol o‘ynaydi.
Tadbirda tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA