“Laser Run City Tour - 2026” musobaqalari yoshlarga ruhiy quvvat bag‘ishladi
Poytaxtimizdagi “Tashkent City Park” hududida zamonaviy beshkurashning yugurish va lazerli otishma yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan “Laser Run City Tour-2026” musobaqasining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.
Zamonaviy beshkurashning yugurish va lazerli otishma uyg‘unligidagi “Laser Run City Tour-2026” musobaqasi mamlakatimizda beshinchi bor o‘tkazilayotgan bo‘lib, bu galgi bahslarda 300 nafardan ortiq havaskor sportchi bolalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan o‘ziga xos musobaqa ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi bilan bir qatorda, diqqat, aniqlik va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yoshlarga ruhiy quvvat bag‘ishlagan musobaqada qatnashgan sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon G‘oziyev, taniqli sportchilar, murabbiy-mutaxassislar musobaqalar jarayonida yoshlar bilan dildan suhbatlashdi.
Yosh avlod orasida sog‘lom turmush tarziga rioya qilish tamoyillari targ‘ib qilingan bahslar yakunida eng yaxshi natijaga erishgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA