Langar qo‘rg‘onida osma dor yo‘li tashkil etiladi
Navoiy shahridgi “Coworking” markazida viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan viloyatda turizmni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Dastlab hududiy boshqarma boshlig‘i Javlon Hasanov Prezidentimizning 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, farmonga ko‘ra turoperator, tur agent va joylashtirish vositalariga 2021 yil 31 dekabrga qadar foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytirildi, ular yer va mol-mulkka solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilindi va ijtimoiy soliq stavkasi bir foiz qilib belgilandi. Shuningdek, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qo‘llash to‘xtatildi. Turoperatorlar uchun tegishli shartlarda avia va temir yo‘l chiptalari bo‘yicha qisman subsidiyalash belgilandi.
bugungi kunda viloyatda 37 ta mehmonxona, 44 ta oilaviy mehmonlar uyi, 17 ta xostel, 4 ta o‘tovli lager, 5 ta dam olish maskani, mahalliy va xorijiy fuqarolarga sayyohlik xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
2019-2020 yillar davomida xorijiy va mahalliy turistlar uchun 4 ta turizm axborot markazi tashkil etildi, 17 ta namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurildi, 51 ta turistik ob’ektlarga olib boruvchi yo‘l ko‘rsatgich belgilari, 121 ta turizm ob’ektlarda Wi-Fi hududi tashkil qilindi.
2020-2022 yillarda turizm sohasi bo‘yicha umumiy qiymati 141,9 milliard so‘mlik jami 32 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, 2020 yilda umumiy qiymati 25,8 milliard so‘mlik jami 10 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada, 6 ta yangi mehmonxona, 3 ta mehmon uyi va 1 ta dam olish maskani ishga tushirilib, jami 90 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
2020 yil ikkinchi yarim yilligi davomida 8 ta joylashtirish vositasiga 324,1 million so‘m, 2 ta turoperatorga 100,6 million so‘m ssuda ajratildi.
Shu bilan birga, viloyat vakillari tomonidan Italiya, Xitoy, Hindiston, Finlyandiya, Latviya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya va Ukraina davlatlarida o‘tkazilgan Xalqaro ko‘rgazmalarda viloyatning turizm salohiyati namoyish etildi.
[gallery-1155]
Matbuot anjumanida hududiy boshqarma tomonidan 2021-2022 yillardagi ustuvor vazifalar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, Qiziltepa tumanidagi To‘dako‘l suv ombori, Nurota tumanidagi Aydarko‘l suv havzalari atrofida kichik turizm zonalari, “O‘zbekiston turizm magistrali” tashkil etish va rivojlantirish maqsadida M-37 avtomagistral yo‘lida “Hunarmandlik markazi”, mehmonxona, dam olish maskani barpo etish, “Tir park” va o‘ndan ortiq turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish rejalangan. Navbahor tumani Sarmishsoy darasidagi 7 ming yillik tarixga ega 10 mingdan ortiq noyob qoyatosh suratlari (petrogliflar), arxeologik-madaniy meros yodgorliklarini muhofaza qilish maqsadida YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro‘yxatiga kiritish, Xatirchi tumani Oltinsoy qishlog‘i, Konimex tumani Zafarobod massivi hududlarida tibbiy turizmni rivojlantirish maqsadida davolash-sog‘lomlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan tabiiy resurslardan oqilona foydalangan holda sog‘lomlashtirish markazlari barpo etiladi. Nurota tumanidagi Sentob qishlog‘i, Xatirchi tumanidagi Angidon, Langar qishloqlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” maqomini berish orqali mazkur hududlarda qo‘shimcha infratuzilmani rivojlantirish maqsadida investitsiya kiritish orqali dam olish maskanlari tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Nurota tumani Sentob qishlog‘ida, Xatirchi tumani Langar qo‘rg‘onida osma dor yo‘llarini tashkil etish ham kelgusidagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lsa, Navoiy shahridagi Islom Karimov ko‘chasida “Turizm” ko‘chasi, Abdurahmonova ko‘chasida esa “Gastronomik turizm ko‘chasi” tashkil etish belgilangan.
Matbuot anjumanida hududiy boshqarma boshlig‘i jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA