Langar ota qishlog‘idan fotoreportaj
Yurtimizning har bir qarich yeri tarix kitobidir. Zamonlar silsilasidan o‘tib, ne-ne suronlarni ko‘rgan, moziyning jonli guvohi bo‘lgan madrasalar, maqbaralar, masjidlar, xonaqohlar va ziyoratgohlar tariximizning tilsiz, sehrli so‘zlovchilaridir.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani hududida joylashgan Hazrati Langar ota qishlog‘i – ana shunday go‘zal va sirli maskanlardan. U o‘zining ming yillik tarixiga, betakror tabiat mo‘jizalariga va muqaddas ziyoratgohlariga ega. Qishloqning jozibasi, Teshiktosh va Beshiktosh kabi yodgorliklarning sirlari, purviqor tog‘larning salobati va zilol buloqlarning shifobaxshligi sayyohlarni doim o‘ziga rom etgan.
Dunyo sayyohlarining e’tiborini tortgan bu qishloq ayni paytda xalqaro ekoturizm markaziga aylanib bormoqda. Bu yerda qadim o‘tmishdan yetib kelgan ziyoratgohlar, tarixiy obidalar, sirli tabiat yodgorliklari, qoyatoshlardagi bitiklar, Konizor g‘oridagi ibtidoiy odam makonlari, tosh haykalchalar, ming yillik chinor va mangu oqib turadigan ma’danli buloqlarning o‘zgacha jozibasi bor.
Hazrati Langar ota qishlog‘i nafaqat tarix va madaniyat yodgorliklari, balki tabiat go‘zalliklari bilan ham mashhur. Qishloq atrofidagi tog‘lar, so‘lim soylar, sharsharalar, gullarga burkangan dalalar insonni o‘ziga rom etadi. Bu joyning toza havocbdan nafas olib, tabiat qo‘ynida dam olish har qanday insonga ruhiy huzur baxsh etadi. Bu yerga sayohat qilish orqali siz o‘zingiz uchun yangi olamni kashf etasiz, tarixga sayr qilasiz va ma’naviy ozuqa olasiz.
[gallery-23427]
Jamshid NORQOBILOV (surat, video), O‘zA