Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Lactalis Central Asia” kompaniyasi bosh direktori Kristian Xubert bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muhokama o‘tkazildi.
Xususan, “Lactalis Central Asia” kompaniyasi rahbari kompaniya O‘zbekistonda o‘z loyihalarini kengaytirish niyati borligini ma’lum qildi. Bu borada kompaniya rahbari loyihalarning borishi hamda uning natijadorligi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

O‘z navbatida vazir Ibrohim Abdurahmonov hozirgi kunda hukumatimiz investitsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani, bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham vakolat doirasida yordam berishini ma’lum qildi. Bunda eng asosiysi, hujjatbozlikdan samarali, amaliy ishga o‘tish har qachongidan ham muhim ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, muloqot jarayonida aholining sariyog‘ mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash, bundan tashqari sariyog‘ eksporti salohiyatini oshirishda bu kabi loyihalar muhimligi qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Lactalis Central Asia ” kompaniyasining Namangan shahrida joylashgan korxonasi 22 turdagi qayta ishlangan sut va sut mahsulotini ishlab chiqaradi va aholiga muntazam ravishda yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuv yakunida I.Abdurahmonov hamkorlikka tayyor ekanini bildirib o‘tdi. Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasida Ishchi guruh tuzish borasida kelishuvga erishildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA