Laboratoriyalar bo‘yicha donor tashkilotlar yig‘ilishi
Poytaxtimizda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa va mintaqaviy idoralari laboratoriyalar bo‘yicha donor tashkilotlar yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika OITSga qarshi kurashish markazi, Karantin va maxsus xavfli infeksiyalar profilaktikasi markazi mutasaddi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i B.Yusupaliyev ochib berdi.
Tadbirda O‘zbekistonda laboratoriya sektorini mustahkamlashda JSST ko‘magi, O‘zbekiston laboratoriya sektoridagi donor tashkilotlarning ishi, Milliy laboratoriya salohiyatini rivojlantirish va barqarorligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan xalqaro tashkilotlar ko‘magida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekistonda sifat menejment tizimini joriy etish bo‘yicha milliy mentorlik dasturi natijalari taqdim etildi.
M.QOSIMOVA, O‘zA