“KyrgyzBuild-2026” qurilish sanoati ko‘rgazmasida O‘zbekiston kompaniyalari faol ishtirok etmoqda
Ayni kunlarda Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida 23-xalqaro ixtisoslashtirilgan “KyrgyzBuild-2026” qurilish sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Qurilish sohasidagi yetakchi xalqaro maydonlardan biri hisoblangan mazkur ko‘rgazma turli mamlakatlardan 120 dan ortiq kompaniyalarni birlashtirib, zamonaviy texnologiyalar hamda innovatsion yechimlarni namoyish etish imkonini bermoqda.

Ahamiyatlisi, unda O‘zbekiston kompaniyalari ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, “Made in Uzbekistan” brendi ostida faoliyat yuritayotgan AKFA BUILD kompaniyasi ham ushbu nufuzli ko‘rgazmada ishtirok etib, O‘zbekistonning zamonaviy sanoat salohiyati hamda eksportbop mahsulotlarini xalqaro bozorga keng namoyish etdi.
“O‘zeltexsanoat” axborot xizmatiga ko‘ra, 16-aprel kuni o‘z ishini yakunlaydigan ushbu tadbir O‘zbekiston kompaniyalari uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yangi bozorlarga yo‘l ochish hamda eksport salohiyatini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA