KXSHT Qozog‘istonga qancha muddatga keldi?
Tinchlikparvar kuchlarining Qozog‘istonda bo‘lish muddati vaziyatga va respublika rahbariyatining qaroriga bog‘liq.
Antiterror amaliyoti tamom bo‘lgandan keyin qo‘shinlar olib chiqiladi, deb bayonot berdi KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas RIA Novostiga. "Muddat uzoqqa cho‘zilmaslikka umid qilamiz. Kollektiv xavfsizlik kengashi qarorida shunday deyilgan: "uzoqqa cho‘zilmaydigan davr". Uzoq cho‘zilmaydigan davr bir necha kunmi yoki bir necha haftami – bu Qozog‘istonda yuzaga keladigan vaziyatdan va albatta, Qozog‘iston rahbarining ushbu masalada tutgan pozitsiyasidan kelib chiqiladi", – dedi Zas.
Uning ta’kidlashicha, agar respublika rahbariyati “vaziyat barqarorlashdi va uni tashkilotga a’zo davlatlar yordamisiz, o‘zimizning kuchlarimiz bilan nazorat qila olamiz, deb hisoblasa, amaliyot nihoyasiga yetadi va qo‘shinlar olib chiqib ketiladi".
Shuningdek, bosh kotib Qozog‘istonga kelgan KXSHT tinchlikparvar kuchlarining oldiga qo‘yilgan vazifalar haqida ham gapirdi. “KXSHT kuchlari Qozog‘istonda namoyishchilarni tarqatishda ishtirok etmaydi, bu ig‘vo”, dedi u. "Ko‘pchilik bo‘linmalarimiz namoyishchilarni haydash va boshqa ishlarda ishtirok etadi, deb ig‘vo tarqatib yuribdi – yo‘q, bunday bo‘lmaydi. KXSHTning Kollektiv tinchlikparvar kuchlari oldiga boshqa vazifa yuklatilgan", – dedi Zas.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, KXSHT tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga doimiy asosda joylashtirilishi g‘oyasi ilgari surilmoqda. Masalan, Davlat Dumasining MDH, yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqa ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Leonid Kalashnikov KXSHT tinchlikparvar kuchlarini doimiy asosda Qozog‘istonga joylashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bundan avvalroq ushbu taklif Davlat Dumasining "Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu" fraksiyasi rahbari Sergey Mironov tomonidan ilgari surilgan edi. "Shunday qarorga kelinadi – men buni faqat qo‘llab-quvvatlayman", – degan Kalashnikov RIA Novostiga bergan intervyusida.