KXDR: Yadroviy qurolsizlanish AQSH ittifoqchilaridan boshlansin
Shimoliy Koreya hukumati NATO sammiti yakunlarini keskin tanqid qildi. Pxenyan Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilarini harbiy bloklarni kuchaytirish, qurollanish poygasini jadallashtirish, Yevropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida keskinlikni avj oldirishda aybladi.
Koreya Markaziy telegraf agentligi (KCNA) tarqatgan bayonotda Pxenyan o‘zining yadroviy dasturi suveren huquq ekanini ta’kidlab, qurolsizlanish talablari avval AQSH himoyasidagi davlatlarga qaratilgan bo‘lishi kerakligini bildirdi. Xususan, KXDR Janubiy Koreya va Yaponiyaning yadroviy imkoniyatlarini kengaytirishga intilayotganini, shuningdek, NATOning yadroviy sheriklik dasturida ishtirok etayotgan mamlakatlar ham qurolsizlanish jarayoniga jalb qilinishi lozimligini ma’lum qildi.
Bu hafta Turkiyada o‘tgan NATO sammitida alyans davlatlari mudofaa sohasida 50 milliard dollardan ortiq qiymatga ega yangi xaridlar va sanoat hamkorligi bo‘yicha kelishuvlarni e’lon qildi. Shuningdek, Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Seul qurol-yarog‘ ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalar sohasida NATO davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Pxenyan esa alyansni “urush va qarama-qarshilikka xizmat qiluvchi tuzilma” deb atab, o‘z yadroviy salohiyatini yanada kuchaytirishini ma’lum qildi. KXDR yetakchisi Kim Chen In topshirig‘i bilan mamlakat yadroviy kuchlarini ham miqdor, ham sifat jihatidan modernizatsiya qilish choralari boshlangani qayd etildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA