KXDR bilan Janubiy Koreya o‘rtasida qurolli mojaro ehtimoli juda kam
Keskinlik saqlanib qolayotganiga qaramay, Seul Pxenyan bilan muloqot boshlashga doimo tayyor, deb bayonot berdi Janubiy Koreya bosh vaziri Xan Dok Su.
“Haqiqiy mojaro ehtimoli juda past. Keskinlik bor, albatta. Biroq haqiqiy mojaro ehtimoli juda kam, chunki Janubiy Koreya bilan AQSH alyansi juda kuchli. Shunga qaramay, biz muloqot uchun eshiklarni ochiq qoldiramiz. To‘g‘ri, KXDR yetakchisi Kim Chen In o‘zining yadroviy salohiyatini oshirmoqda, ba’zan u kutilmagan harakatlar qilishi mumkin, shu bois biz eng avvalo, o‘z kuchimizga tayanishimiz kerak. Biz oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash, hatto infratuzilmaviy va odamlarning bordi-keldisini yo‘lga qo‘yishga yordam berishimiz mumkin. Biroq bizning tayanchimiz imkoniyatlari shu darajada kuchli bo‘lishi kerakki, Kim Chen In xato ish qilib qo‘ymasin”, – dedi bosh vazir xorijlik jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Janbiy Koreya bilan AQSH so‘nggi paytlari qo‘shma harbiy mashqlarini faollashtirmoqda. Dushanba kuni ikki mamlakat harbiy havo kuchlari ishtirokida qo‘shma mashqlarni amalga oshirdi. Mashqlarda AQSHning yadro qurolini eltuvchi B-52H strategik bombardimonchi samolyoti ham ishtirok etgan. Umuman, joriy yilda shu kabi harbiy o‘quv-mashqlar besh marta o‘tkazildi. Bundan tashqari, 6 martdan ittifoqchilarning Buddy Wing nomli mashqlari ham boshlanadi. Ushbu mashqlar yil oxirigacha to‘qqiz marotaba o‘tkaziladi. Shuningdek, Janubiy Koreya bilan AQSH 13 martdan 23 martgacha yirik Freedom Shield qo‘shma mashqlarini boshlaydi. Shu bilan birga, yirik quruqlikdagi Warrior Shield mashqlari ham bo‘lib o‘tishi kerak, deyiladi xabarda.