Kuzgi shudgor tuproq unumdorligini oshiradi
Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil olish uchun kuzgi shudgorlash tadbirlarining o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 y

il 21 oktyabrdagi «2022 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarini belgilangan muddatlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi yig‘ilish bayoni barcha tashkiliy masalalarni o‘z ichiga olgan.
Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda 2022 yil hosili uchun 1 million 360 ming gektardan ortiq maydonda kuzgi shudgorlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shudgorlash uchun 5 ming 652 dona shundan, 4 ming 221 dona yuqori unumli haydov traktorlari jalb qilingan.
Xususan, Toshkent viloyatida 2022 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlari 111 ming 200 gektar maydonda amalga oshirilishi belgilangan. Shundan, 108 ming 600 gektar takroriy ekindan bo‘shagan maydon va 2 ming 600 gektar paxtadan bo‘shagan maydonlarda kuzgi shudgorlash ishlari amalga oshiriladi.
– Hududda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash uchun 436 dona haydov texnikasi jalb qilingan bo‘lib, shundan 296 donasini yuqori unumli texnikalar tashkil etadi, – deydi Agroinspeksiya Toshkent viloyati boshqarmasi katta inspektori E.Ziyodullayev. – bugungi kunda ushbu haydov texnikalari markazlashgan holda yig‘ilib, texnik ko‘rikdan o‘tkazilyapti va mavsumda qatnashish uchun tayyorlanmoqda. Hozir barcha hududlarda shudgorlash ishlariga tayyorgarlik ko‘rishga to‘liq kirishilgan bo‘lib, tadbirni belgilangan muddatlarda sifatli va agrotexnik talablar darajasida tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etilgan.
Bekobod tumanining Oybek hududidagi «Farrux Qurbonjon» fermer xo‘jaligida tashkil etilgan seminarda mazkur muhim agrotexnik jarayonni sifatli va samarali tashkil etish borasida kelishib olindi.
Unda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, «O‘zagrolizing» AJ Boshqaruv raisi N.Otajonov, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari U.Uzoqov, shuningdek, tuman hokimligi mutasaddilari, qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari, agroklasterlar mutaxassislari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi kelgusi yil rejalarining samarasi bugungi harakatga bog‘liqligi, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida tashkil etishda barcha imkoniyatlarni ishga solish kerakligi, shuningdek, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda amaliy ko‘makka tayyorligini bildirdi.
Ishtirokchilar fermer xo‘jaligi dalasida kuzgi shudgorlashning namunaviy usullari bilan tanishdi. Hududlardagi ilg‘or fermerlarning tajribalari haqida fikr almashildi. Shudgorlash ishlarini sovuq kunlarga qoldirmasdan yakuniga yetkazish, sho‘r yuvish, yaxob berish ishlarini sifatli bajarish imkoniyatlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berildi.
A.Musayev, O‘zA