Odatda turli badbo‘y hid, tutun, tamaki hidi, changga nisbatan tezda reaksiya bildirib, nafasim qaytib ketadi. Ba’zida ko‘cha-ko‘yda yoxud taksida tamakini burqsitib chekadigan odamlarga e’tiroz bildirsam, “moslashish kerakda, sizda ko‘nikma hosil qilishga yordamlashyapman”, deya hazilga burib ketadigan taksistlar ham bo‘lgan.
Ammo organizm tutun hidi va changdan, umuman, iflos havodan qanchalik zararlanayotganini his qilib, tezda reaksiya bildirib tursa, qanday moslashish mumkin? Aslida iflos havo hammaga birdek salbiy ta’sir ko‘rsatishi, salomatligimizga katta ziyon yetkazishi ochiq-oydin haqiqat.
Har kuni ertalab va kechqurun uyning havosini almashtirish ilinjida xona derazasini ochib, shamollatish odat tusiga aylangan. Bugun kuz yomg‘iri savalab yog‘gan, hamma yoqda yomg‘irdan keyingi sokinlik. Jumladan, havoda ham. Yomg‘irdan keyin havo shunday tozalanganki, nafas olganing sari kislorodga to‘yinganing holda yengil tortasan kishi.
So‘nggi paytlarda qurilish maydoniga aylangan Toshkent osmonida chang va g‘ubor bosilgan, namiqqan yerning, yuvilgan tosh va asfaltning, sarg‘aygan barglarning yoqimli hidi nafasga uriladi. Qanday yaxshi. Top-toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olib, hatto boshingning eng ingichka tomirigacha kislorod kirib borganini butun vujuding, ruhing, qalbing bilan his qilasan, havoga qo‘shilib, taningdagi g‘uborlar ham ketgandek bo‘ladi. Ana shunday sokin bir kunda, toza havoda o‘z xayollaring bilan birga sayr qilishning gashti o‘zgacha...
Shunday xayollar bilan agar tong bo‘lsa, har doimgidek yana ishga shoshaman, kechki payt bo‘lsa, uyg‘-ro‘zg‘or bilan ovora bo‘laman. Kuz yomg‘iridan keyingi sayr xayolimda qoladi, tozalangan havodan to‘yib nafas olish ilinji esa o‘sha — bir muddat deraza ortidan olgan nafasim.
Ertasiga sahar yana derazani ochaman — puufff, tutunning badbo‘y hidi butun osmonni, havoni egallab olgan, birgina to‘yib nafas olishga toza havo yo‘q. Tutun esa g‘ippa nafasimni bo‘g‘adi, uyni shamollatish niyatida ochilgan deraza tezda yopiladi — uy ichida ham tutunga bo‘g‘ilib o‘tirish niyatim yo‘q! Kechagi kuzgi yomg‘irdan keyingi toza havo qani endi! Tutun yetmaganday havoda chang va g‘ubor ham shunchalik ko‘pki, derazamizdan ko‘rinib turadigan baland bino va Toshkent teleminorasining tepa qismi tumanda qolgandek, go‘yo. Bir kuni qizim ham hayratlanib, “tuman tushiptimi, aya”, deydi. “Yo‘q, qaniydi tuman bo‘lsa. Chang, g‘ubor, tutun, iflos havo bu”!
Bu hol deyarli har kuni takrorlanadi. Har gal derazani ochganimda, tutun hidi anqiydi, yoqib yuborilgan kuzgi xazonning badbo‘yligi bilan “siylanamiz”. Bunga, albatta, o‘zimiz aybdormiz. Kuz kelishi bilan yig‘ilgan xazonni yoqib, yo‘q qilish payiga tushamiz. Kech kuz tushganda tabiat ne’mati bo‘lgan yashillikning umri tugashi bilan, barglar bandidan uzilib, xazonga aylanadi. Biz esa ularni yoqishni oson bilganmiz, odat qilganmiz. Buning ziyoni esa, avvalo, o‘zimizga, sog‘lig‘imizga, ruhimizga, vujudimizga ta’sir qiladi.
Aslida esa tabiatning o‘zi tabib, barcha tabiiy jarayonlar, ya’ni xazon barglari ham organik modda sifatida tabiat va insoniyat foydasiga xizmat qiladi. Buni maktab paytida geografiya fani o‘qituvchilarimizning bergan bilimlaridan ham yaxshi bilamiz. Barglardagi organik moddalar tuproq tarkibini yaxshilashi mutaxassislar tomonidan isbotlangan. Xazon barglari erta bahorgacha chirib, tuproq uchun tabiiy va foydali ozuqaga aylanadi.
Barglarni yoqish esa turgan-bitgani zarar. Ma’lumotlarga ko‘ra, xazonlar yoqilgan payti dioksinlar, ya’ni atrof-muhitni zararlovchi moddalar havoga ko‘tariladi. Erta bahordan to kech kuzgacha daraxt barglari havodagi og‘ir metallarni to‘plab, havoni tozalash bilan band bo‘ladi. Yoqilganda esa bu moddalarning hammasi havoga qaytib, zararli moddalarni chiqaradi. Bu, afsuski, inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Nafas olish a’zolarining surunkali xastaliklaridan tortib genetik o‘zgarishlargacha ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zi shusiz ham atrof-muhit va ekologiyaning ifloslanishi kundan-kunga ortib bormoqda, ekologik muammolar asr muammosiga aylanayotir. Fan-texnika, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi, antropogen omillarning tabiatga ta’siri kuchayishi natijasida biosfera ekotizimlarining buzilishi, cho‘llanish va sayyoramizda haroratning oshib borishi kuzatilmoqda, chiqindilar bilan ifloslanish ortmoqda. Olimlarning fikricha, ekologik muammolarning keskinlashuvi yerdagi hayotga xavf tug‘dirmoqda.
Ana shunday vaziyatda biz insoniyat o‘z qo‘limiz bilan, xatti-harakatlarimiz bilan yuzaga keltirayotgan badbo‘ylikka, havoni bulg‘ashga, xazonlarni yoqishga nuqta qo‘ymog‘imiz zarur. “Yashil hudud”, “yashil qurilish” atamalari tilimizda tez-tez aylanayotgan bir paytda tabiatni, havoni ifloslantirishga emas, unga ijobiy hissa qo‘shishga intilmog‘imiz lozim.
Qaniydi, bugun ham sharillatib yomg‘ir yog‘sayu, bir muddat bo‘lsa-da toza havodan bahramand bo‘lsam...
Muhtarama Komilova, O‘zA