Kuz-qishga tayyorgarlik avjida
2023-2024-yillarda kuz-qish mavsumini yaxshi o‘tkazish maqsadida ko‘rilayotgan choralar, hududda energiyani tejash uchun quyosh panellarini o‘rnatish jarayonlari bilan tanishish maqsadida Bekobod shahrida OAV vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Hozir Bekobod shahridagi 35 mahalla bo‘lib, aholi soni 102 ming nafarni tashkil etadi. Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha 2,1 ming tonna zaxira yaratilishi belgilangan. Shuningdek, 360 tonna ko‘mir, 31 tonna suyultirilgan gaz, 35 kilometr elektr tarmoqlari va 25 ta transformator holatini yaxshilash bo‘yicha ishlar qizg‘in pallaga kirgan. Shahar hokimi Nasrulla Babayev jurnalistlarga bu haqida atroflicha ma’lumot berdi. Xususan, joylardagi 491 ta ko‘p qavatli uyga 7 boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda. Hududdagi mavjud 6 ta uylarda mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
[gallery-13129]
Ichimlik va oqova suv quvurlarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha 2 kilometr reja qilingan bo‘lib, bugungacha 60 foizida rekonstruksiya ishlari tugatilgan. Shaharga quyosh paneli o‘rnatish yuzasidan ijtimoiy soha ob’ektlari tomonidan 78 quyosh paneli o‘rnatildi. Mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 40 ta, aholi xonadonlariga 463 ta suyultirilgan va siqilgan gaz quyish shoxobchalari tomonidan 4 ta va avtobenzin shoxobchalari tomonidan 5 ta quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha reja topshiriqlar bajarilmoqda. Bugungi kunga kelib ishlar 80 foizga bajarilgan.
Press-tur davomida OAV vakillari foydalanishga topshirilgan bir qator yangi ob’ektlar bilan tanishdi. “Yangi hayot” MFYdagi yangi tibbiy punkt 3 ming 472 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shahar faollari qatnashib, mavjud sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Hozirgi kunda 1 nafar oilaviy shifokor va 4 nafar oila patronaj hamshiralar mazkur mahalla aholisi uchun xizmat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, press-tur davomida ijtimoiy soha ob’ektlari, mahallalar, ko‘chalardagi mavjud sharoitlar o‘rganildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA.