Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik nazoratda
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida issiqlik manbai va gaz tarmoqlari, shuningdek, elektr stansiyalarining ishlash rejimlari tahlillari asosida, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr, tabiiy gaz, ko‘mir va ichimlik suvini yetkazib berish holatlarining kuz-qish mavsumiga shayligi hamda energotejamkorlikni ta’minlash ishlari bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda.
Xususan, G‘ijduvon tumani “Saitkent” mahallasida joylashgan iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi yuqori bosimli gaz punktlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.

O‘rganishda, tuman markazida joylashgan Degrezon va Chorsu mahallalaridan o‘tuvchi kesimi 219 mm. bo‘lgan yer osti gaz quvuri ta’mirtalab holga kelganligi aniqlangan. Natijada favqulodda noxush holatlar yuzaga kelishini oldi olish hamda gaz hajmlarni iqtisod qilish maqsadida ushbu gaz quvurini tez fursatlarda rekonstruksiya qilish bo‘yicha mutasaddi idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Shuningdek, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruhi viloyat “Bolalar muruvvat internat uyi”da isitish tizimlari va qozonxonalarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rgandi. Internat uyida ko‘mir va tabiiy gazda ishlovchi 10 ta qozonxona bo‘lib, mavsumni betalafot o‘tkazish uchun qo‘shimcha 4 tonna ko‘mir zaxirasini yaratish, elektr energiyasini tejash uchun qo‘shimcha ravishda 120 kv, quyosh panellarini o‘rnatish yuzasidan texnik shartlar asosida, ularni tez fursatlarda sifatli o‘rnatish choralarini ko‘rish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan viloyat “Ayollar muruvvat uyi”ning faoliyati o‘rganilib, muassasada kiyimlarni quritishga mo‘ljallangan binosini kengaytirish, tegishli uskunalar bilan ta’minlash borasidagi muammolari aniqlandi. Ularni bartaraf etish borasida tegishli chora tadbirlar belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.