Kuz-qish mavsumiga puxta taraddud – elektr energiyasini ishlab chiqarishda samarali omil
Hademay kunlar soviy boshlaydi. Bu esa kuz-qish mavsumiga hozirdanoq taraddud ko‘rishni talab etadi. Ayniqsa, mavsum ishlari energetika sohasi jamoasi uchun yanada mas’uliyatlidir. Kuz-qish mavsumida elektr energiyasi barqarorligini ta’minlash shu kunlardagi puxta tayyorgarlik bilan bog‘liqdir.
Xo‘sh, “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi korxonalar 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?
Ushbu savollar bilan biz Energetika vazirligi tizimidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Bahodir JO‘RAEVga yuzlandik.
– Ma’lumki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 85 foizga yaqini issiqlik elektr stansiyalari va markazlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Albatta, bu soha xodimlari tomonidan kuz-qish mavsumida aholining elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish va mavsumni betalofat o‘tkazish mas’uliyatini yuklaydi.
bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati va uning tasarrufidagi korxonalar 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari tizimli amalga oshirilmoqda.
Rejaga ko‘ra, tizim korxonalarida jami 30 ta, shu jumladan, 12 ta energoblok, 1 ta turboagregat, 9 ta qozonagregati, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 1 ta gaz-turbina qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Ishlarning samarali tashkil etilishi munosabati bilan elektr stansiyalarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida olib borilgan ishlar joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra ortig‘i bilan bajarildi.
Shuningdek, birgina mukammal va joriy ta’mirlash jadvaliga asosan bugungi kunga qadar 54 ta energoblok, 31 ta qozonagregati, 6 ta turbogenerator va 8 ta bug‘-gaz qurilmasi ta’mirlandi.
Ayni kunga qadar 35-110-220-500 kV kuchlanishli kuch transformatorlarida 65 ta joriy va mukammal ta’mirlash ishlari, 35-110-220-500 kV kuchlanishli 290 ta o‘chirgich, ajratgich, o‘lchov transformatorlari, releli himoya hamda avtomatika qurilmalarida kapital va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Hozirgi kunda mazkur yo‘nalishdagi joriy va mukammal sozlash ishlari davom etmoqda.
– Aytingchi, kapital va joriy ta’mirlash ishlari issiqlik elektr stansiyalari mutaxassislari tomonidan bajarilyaptimi yoki boshqa tashkilotlardan ham vakillar jalb qilindimi?
– Albatta, bu jarayonda biz uchun sifatli va samarali natija muhim. Shu sababli, ta’mir sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida elektr stansiyalar mutaxassislari qatorida tizim korxonalari “O‘zbekenergota’mir” AJ va “O‘zenergosozlash” MCHJning malakali xodimlari, shuningdek, Rossiyaning “Silovыye mashinы”, “Kalujskiy turbinnыy zavod” va “Tagonrogskiy kotelostroitelnыy zavod”, Yaponiyaning “Mitsubishi Hitachi Power Systems” konsorsiumi vakillari ham jarayonga jalb etildi.
Kuz-qish mavsumiga taraddudni raqamlarda sarhisob qiladigan bo‘lsak, energiya uskunalarning texnik holatini aniqlash, ularning faoliyatidagi mavjud kamchiliklarni joyida aniqlash va bartaraf etish maqsadida 151 ta metall laboratoriya sinovdan o‘tkazildi, 106 tasi to‘liq kimyoviy tahlil qilindi. Elementlarni aniqlashga qaratilgan 830 tekshiruv olib borildi. Mexanik xossalarini aniqlash uchun 733 ta metall namunalariga ishlov berildi va sinov bajarildi. 136 ta suv, elektrolit, reagentlar, 260 ta energetik moy mahsulotlarida, 72 ta kuchlanish transformatorlarida va 425 ta transformator moyida xromatografik tahlillar o‘tkazildi.
[gallery-8362]
bugungi kunda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga sifatli uzatish muhim masala hisoblanadi. Shu maqsadda elektr stansiyalardagi 110-50 kV ochiq taqsimlash qurilma uskunalarining texnik holatini tekshirish maqsadida kuch transformatorlarida 72 ta, tok transformatorlarida 259 ta, kuchlanish transformatorida 129 ta, o‘chirgichlarda 97 ta, ajratgichlarda 345 ta, yuqori voltli kiritgichlarda 119 ta va aloqa kondensatorlarida 98 ta ish olib borildi.
– “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalarda elektr energiyasi ishlab chiqarishda asosan tabiiy gazdan foydalaniladi. Bunda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining sifati ko‘p jihatdan yoqilg‘i yetkazib berilishi bilan bog‘liq. Shu ma’noda, stansiyalarda yoqilg‘i ta’minoti ishonchliligini oshirish borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?
– Hozirgi kunda elektr stansiyalarida tabiiy gaz ta’minoti tizimi uskunalarini ham kuz-qish mavsumida ishonchli va to‘xtovsiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Jumladan, elektr stansiyalarning yoqilg‘i ta’minoti ishonchliligini ta’minlash maqsadida “Tolimarjon IES” AJ gaz tarmog‘iga qo‘shimcha gaz filtrlarini o‘rnatish, “To‘raqo‘rg‘on IES” UK bug‘-gaz qurilmalari gaz siqish kompressorlarini ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. “Navoiy IES” AJ va “Toshkent IES” AJda esa gaz o‘lchov qurilmalarini zamonaviy uskunalarga almashtirish hamda zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari uchun tabiiy gaz filtrlari zaxirasini yaratish ishlari olib borilmoqda.
– Ta’mirlash ishlarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi kadrlarni o‘qitish talabini ham qo‘yadimi?
– Kadrlar malakasini oshirish bugunning eng muhim vazifasidir. Bu o‘z-o‘zidan ta’mirlash ishlarining sifatida ularning bilim va malakasi juda asqotadi. Aytish mumkinki, ta’mirlash ishlarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan xodimlar bilimi va malakasiga bog‘liqdir.
Shu talablardan kelib chiqib, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. bugungi kunda xodimlarimiz Germaniya, Fransiya, Italiya va Rossiya kabi xorijiy mamlakatlarning yirik energetika kompaniyalari ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.