Kuz-qiş mavsumi uçun 482,9 ming tonna mineral öğit zaxirasi yaratildi
Bugun Ommaviy axborot vositalari uçun kontent tayyorlaş markazida “Özkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojiakbar Tölaganov iştirokida mavsumiy mineral öğitlar taʼminotiga bağişlangan brifing taşkil etildi.
Tadbirda kuzgi ekiş işlari va qişloq xöjaligi maydonlarini qiş mavsumiga tayyorlaş jarayonlarida fermer hamda dehqon xöjaliklarining öğitlarga bölgan ehtiyojini qondiriş böyiça körilayotgan çoralar haqida söz yuritildi.
Maʼlum qilinişiça, kuz-qiş mavsumida talab yuqori bölgan azotli, fosforli va kaliyli öğitlarni işlab çiqariş, saqlaş hamda isteʼmolçilarga yetkaziş işlari belgilangan rejalar asosida taşkil etilgan. Mahsulotlarni hududlarda xarid qiliş imkoniyatini kengaytiriş maqsadida 300 dan ziyod vakolatli ombor işga jalb qilingan.
Ğalla ekiş mavsumi uçun 185 ming tonna fosforli öğit zaxirasi şakllantirildi. Şuningdek, qişloq xöjaligi korxonalari ehtiyojlari uçun 115 ming tonna fosforli va 10 ming tonna kaliyli öğitlar, ğalla maydonlarini qişlov oldidan oziqlantiriş uçun esa 175 ming tonna azotli öğit zaxirasi yaratildi.
30-oktabr holatiga respublika hududlaridagi omborlarda 482,9 ming tonna mineral öğit mavjud. Uning asosiy qismini, yaʼni 402,5 ming tonnasini azotli öğitlar taşkil etadi. Qolgan zaxiraning 58,6 ming tonnasi fosforli, 21,8 ming tonnasi esa kaliyli öğitlar hissasiga töğri keladi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, mineral öğitlarni hududlarga öz vaqtida yetkazib beriş uçun temir yöl transporti bilan bir qatorda muqobil logistika imkoniyatlaridan ham foydalanilmoqda. Bu esa taʼminotda uzilişlar yuzaga kelişining oldini oliş va isteʼmolçilar ehtiyojini tezkor qondirişga xizmat qiladi.
Şuningdek, omborlardagi mineral öğitlar zaxirasi hamda hududlarning talab va ehtiyojlari muntazam tahlil qilib borilmoqda. Fermer va dehqon xöjaliklarini mavsum davomida zarur mineral öğitlar bilan taʼminlaş işlari izçil davom ettiriladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
ÖzA