Farg‘ona viloyatida ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda
Farg‘ona viloyati xalq ta’limi muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyogarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
Farg‘ona viloyati xalq ta’limi muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyogarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.Mamlakatimizda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, o‘quvchi-yoshlarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay sharoit yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Joriy yilda Farg‘ona viloyatida 24 umumta’lim maktabi, 36 maktabgacha ta’lim muassasasi Investitsiya dasturi asosida kapital ta’mirdan chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016-yil 10-iyundagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni 2016-2017-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim maskanlari, maxsus maktab-internatlar, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini qish mavsumiga shay holatga keltirish xalq ta’limi muassasalari, tegishli tashkilot va korxonalar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amalga oshirilgan ishlar doimiy monitoring qilib borilayotir. Ayniqsa, binolar, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, isitish tarmoqlarini ta’mirlash va yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Viloyatdagi 916 umumta’lim maktabi, 643 maktabgacha ta’lim muassasasi va boshqa maskanlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nodirjon Ahmedov. – Ayni paytga qadar ta’lim maskanlarida 384 yangi lokal qozonxona o‘rnatildi. Yuzdan ortiq qozon va qozonxonalarni joriy va mukammal ta’mirlash ishlari yakunlandi. Borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardagi ta’lim muassasalarida yetarlicha ko‘mir zaxirasi yaratilmoqda.
Qo‘shtepa tumanida joriy yilda 38-umumta’lim maktabi, 2-, 8-maktabgacha ta’lim muassasalari kapital ta’mirdan chiqarildi.
– Ta’lim muassasalarini mavsumga tayyorlash yoz faslida boshlangani bu boradagi ishlarni sifatli bajarishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi Qo‘shtepa tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri Nuriddin Hojiakbarov. – O‘ndan ortiq ta’lim muassasamizning isitish tizimi va elektr ta’minoti tarmoqlari to‘la ta’mirdan chiqarildi.
O‘tgan yillarda kuzatilgan kamchiliklar inobatga olingan holda, ta’lim dargohlarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi sinchiklab o‘rganilmoqda. Soha xodimlariga barcha turdagi tizimlardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berilayotir.