Kuz ne’mati – qish ziynati
Globallashuv jarayoni yanada chuqurlashib borayotgan hozirgi dunyoda o‘zini anglagan xalqlar, ya’ni yoshlar tarbiyasida to‘g‘ri yo‘lni tanlaganlar yetakchi bo‘lib qolaveradi. Kelajak egalari yoshlar ekanini hech kim inkor etmaydi, albatta. Yaqinda bir to‘yda qatnashdik, so‘z aytish uchun sherigim to‘y sohibidan ikki to‘y bolaning ismini qog‘ozga yozib berishsa, duoda alohida zikr qilishini aytdi. To‘y sohibi chamasi o‘ttiz yoshlardagi kelishgan yigit ekan. Tezda ruchka-qog‘oz olib yozib berdi. Qog‘ozga bir ko‘z yugirtirsam ikkita ism beshta xatolik bilan yozilgan edi. Bu shoshilinchda yozilgan dersiz. Sabablariga to‘xtalmaylikda, oqibati ustida fikr yuritaylik. Xo‘sh, shunday dabdaba bilan qilinayotgan to‘yga qilingan sarf - xarajatning hisobini bilish qiyin. Agar shu sarf - xarajatning o‘ndan birini bolalik davrida ilm olishiga sarf etishganida, bu yigit nafaqat po‘rim kiyinib ko‘p pul topadigan tadbirkor bo‘lardi, shu barobarida ziyoli darajasida yozadigan va gapiradigan hamda fikrlaydigan bo‘lishiga shubha yo‘q edi.
Inson umrini yil fasllariga o‘xshatishadi. Bu gapni boshqalar kabi biz ham ko‘p eshitganmiz. Unda tabiat bizga muallim ekan-da. Shundaymi? Hech shubhasiz, ota-onalar farzandlariga tarbiya berishi tabiiy hol, deymiz. Bunda ota-ona “Kelajakda farzandim yaxshi odam bo‘lsin, boshqalardan kam bo‘lmasin”, deb nimalar qilmaydi, deysiz. Bu tuyg‘uni har bir ota-ona yurak-yurakdan his etadi. Agar o‘ylaganidek sharoit qilib berolmayotgan bo‘lsa, o‘zining imkoniyatlarini ham ularga bag‘ishlaydi. Ota-onalik tuyg‘usi, mehri tufayli bularning bari.
Shu jarayonning hikmatini tabiatga bog‘lab o‘rgansak, so‘zimiz qiziqroq bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Chunki har bir tirik jonning eng yaqin do‘sti tabiat. Agar tabiatga ibrat ko‘zi bilan nazar solinsa, bir marta berilgan inson umrining imkoniyatlari yanada kengayib ketadi.
Bu juda ajoyib! Bir lekini bor. Bizga ibrat bo‘ladigan hayot maktabi ko‘z o‘ngimizda turibdi, deya og‘izda aytamiz. Ko‘p hollarda gap gapligicha qolib ketaveradi. Yaratuvchi zot yer yuzi hayotini bir-biriga chambarchas qilib yaratganki, zarra miqdorida og‘ishgan neki bor, halokatga yo‘naladi. Xuddi shunday, inson hayoti ham. Bevosita oiladagi farzand tarbiyasiga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda ota-onalar farzandlariga keragidan ortiqcha mehr ko‘rsatib yuborayotganga o‘xshaydi. E’tibor qilishi kerak o‘rinlarda beparvolik qilishadi. Bola yetti yoshdan o‘n yetti yoshgacha ilm o‘rganishi, kasb egallashi davri bo‘lsa, shu jarayonda ta’lim-tarbiya qo‘shib olib boriladi. Bunda birinchi raqamli tarbiyachi ota-ona bo‘lishi shart. Shartligi shuki, farzand ota-onaniki.
Kuzatilayotgan jarayonlarda esa bu hol sal boshqacharoq tus olganga o‘xshaydi. Har bir farzandga o‘quvchilik davrida unga nisbatan mehr yoki e’tibor faqat ilm olishi va tarbiyaga yo‘naltirilishi talab etiladi, dedik. Bu jarayonga kattalarning orzu havasini aralashtirib yubormaslik kerak. O‘zim guvoh bo‘lgan holatdan misol, sunnat to‘ylarning dabdaba bilan o‘tkazilishi farzandning kelajagidek tasavvur qilinadi. Unday emasligini bila turib, shunga o‘zimizni majburlayotganga o‘xshaymiz. Shu to‘y uchun sarf-xarajat qilinayotgan mablag‘ning katta qismini farzandning ta’lim olishiga yo‘naltirilsa, qanday bo‘ladi? To‘yni qilish kerak, lekin me’yorida. Kattalarning orzu-havasiga yoshlarning kelajagini almashtirish mumkinmi?
Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, avvalo, o‘quvchi maktab partasida o‘tirib, ona tilida chiroyli gapirishni, to‘g‘ri yozishni o‘rganishi ta’minlanadi. Shu barobarida shakllanib kelayotgan yoshlar qo‘shimcha til o‘rganishi yoki bo‘lmasa o‘zi mehr qo‘ygan, qobiliyati bor hunarni egallash davri. So‘zimizni yana tabiatdan bir misol bilan xulosalaydigan bo‘lsak, to‘yda farzandlarni gulu chechakka o‘xshatishganiga guvoh bo‘ldim. Keling, bolajonlar bahor faslidagi gulu chechaklar bo‘lsin, yigitlik davri yoz faslidek jo‘shqin o‘tsin, ilm-hunar egasi bo‘lgach, kuz faslidek hosil ko‘tarsin, soch-soqol oqargan qish fasliga yetib borganda rohatlansin.
Abdulhamid Jumanov,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,
O‘zA