Shu kunlarda milliy san’atimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan darg‘a san’atkorlar xotirasini ardoqlashga bag‘ishlangan tadbirlar, adib va shoirlar ishtirokidagi "Ma’rifat ulashib" ijodiy loyihalari muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston xalq artisti, ustoz san’atkor Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlab "Kuylamoq - yashamoq demak" nomli musiqiy xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab poytaxtimizdagi "Chig‘atoy" qabristonida bo‘lib, buyuk san’atkor xotirasiga ehtirom ko‘rsatdilar.
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada institutida san’atkor ijod yo‘liga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
"O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali xotira tadbirida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Botir Zokirov ijodining betakrorligi, keyingi yillarda san’atkor xotirasini ardoqlashga qaratilayotgan e’tibor xususida batafsil so‘zladi.
- Botir Zokirov o‘zining mayin, sehrli ovozi, betakror ijrosi bilan millionlab yuraklarni zabt etgan, - dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.- Uning ijrosidagi qo‘shiqlar o‘z davrida ham, bugun ham sevib tinglanadi. Botir Zokirov milliy estrada san’atimizni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirib, betakror maktab yaratgan ijodkordir.
- Botir Zokirov qisqa umr ko‘rsa-da, lekin uning estrada san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi ulkan, - dedi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. - Ustoz san’atkorga ko‘rsatilgan bunday e’tibordan ularning ruhi behad shod bo‘lmoqda.
- Men ham o‘zimni baxtli san’atkorlardan, deb bilaman, - dedi tojikistonlik mashhur san’atkor Jo‘rabek Murodov. - Sababi men ham Botir Zokirov bilan bir sahnada qo‘shiq aytishga muvaffaq bo‘lganman.
Tantanali tadbirda Vazirlar Mahkamasi qarori asosida ta’sis etilgan Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi. Ilk marta topshirilayotgan ushbu mukofotga "Eng yaxshi targ‘ibotchi ijodkor" nominatsiyasida Ashurali Jo‘rayev, "Eng tashabbuskor prodyuser" nominatsiyasida Abduqahhor Sherembayev, "Eng yaxshi tasviriy san’at ustasi" nominatsiyasida Bahrom Norboyev, "Eng yaxshi kompozitor" nominatsiyasida Alisher Ikromov, "Eng yaxshi estrada xonandasi" nominatsiyasida O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva, "Eng yaxshi bastakor-aranjirovkachi" nominatsiyasida Shuhrat Zokirov munosib topildi.
Shuningdek, Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qo‘shiqchilari respublika tanlovining g‘oliblari e’lon qilindi. Joriy yilda ushbu tanlovda mamlakatimiz bo‘ylab 300 nafardan ortiq yosh ijrochi ishtirok etdi. Unga ko‘ra, birinchi o‘ringa andijonlik Sevara To‘lanova, ikkinchi o‘ringa Toshkent viloyatida ijod qilayotgan xonanda Ijod Husanov, uchinchi o‘ringa buxorolik Sardor Shavkatov munosib topildi.
Saroy foyesida badiiy ko‘rgazma tashkil etildi. Tantanali musiqiy kechada Botir Zokirov hayoti, faoliyati va ijodiga oid videofilm namoyish etildi.
Xotira kechasida san’atkor repertuaridagi qo‘shiqlar videolavhalarda namoyish etilishi bilan birga mashhur xonandalar, yosh ijrochilar tomonidan namoyish etildi.
Tantanali kechada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri