Yaqinda diyorimizning Al-Kuvaytdagi elchixonasida kuvaytlik jurnalist va bloger Abdulkarim al-Hindal bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
O‘zaro muloqot davomida ushbu o‘lkadagi Favqulodda va muxtor elchimiz Ayubxon Yunusov o‘tkir qalam sohibi Abdulkarim al-Hindalni yurtimiz madaniyati va san’ati, urf-odatlari, turizm salohiyati haqida ko‘plab kontentlar tayyorlab, media maydonda O‘zbekistonni yanada tanitayotganini alohida e’tirof etdi va unga “O‘zbek madaniyati elchisi” ko‘krak nishoni va sertifikatini topshirdi.
– Bilasizmi, menga bildirilgan ishonch bu juda katta mas’uliyat hamdir, -dedi kuvaytlik ijodkor Abdulkarim al-Hindal. – Mamlakatingizga bo‘lgan tashriflarim davomida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Kelgusida elchixona bilan birgalikda yurtingiz madaniyati va san’atini keng targ‘ib qilishda ishlarni yanada jadallashtiramiz.
O‘zA