Kursdoshini chuv tushirgan talabalar qo‘lga tushdi
Buxoro viloyati Peshku tumanida yashovchi fuqaro A.G. ariza bilan murojaat qiladi. Bu haqida Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqaroning arizasida telegram messenjeri orqali noma’lum foydalanuvchi unga aloqaga chiqib, onlayn o‘yinlardan doimiy ravishda foydalanib kelganligi uchun yutuqli mablag‘ sovrindori bo‘lganligini, pullarni qabul qilib olish uchun ko‘rsatilgan havolaga o‘tib pullarni olishini aytganligi, so‘ng u bergan havolaga bank karta ma’lumotlarini kiritganligi, keyin esa bank kartasidagi 11 million 450 ming so‘m pullari noma’lum ravishda yechib olinganligini bildirgan. Noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida pullarni o‘zlashtirgan shaxslar kursdosh talabalar ya’ni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida yashovchi N.N., Navoiy shahrida yashovchi X.X. va Buxoro viloyati Olot tumanida yashovchi S.X. ekanligi aniqlangan.
Ularga nisbatan O‘zR. JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Jinoiy guruhni qo‘lga olish jarayonida 1 dona noutbuk, 7 dona xorijiy davlatlarning aloqa operatorlari sim-kartalari, 3 dona mobil aloqa vositasi, 2 dona elektron hamyonlar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Zarif Komilov,
O‘zA