«Kurashxona»da zamonaviy suv inshooti yangilanmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida ichimlik suvi ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalardan biri — «Kurashxona» suv tozalash va uzatish inshootini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.
«Namangan viloyatining ichimlik va oqova suv tizimini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar Namangan shahrining asosiy ichimlik suvi manbalaridan birining texnik imkoniyatlarini kengaytirish, suvni tozalash sifatini yaxshilash va aholiga barqaror ichimlik suvi yetkazib berishga qaratilgan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihaning umumiy qiymati 16,9 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ayni paytda ob’ektda qurilish-montaj ishlarini Hindistonning «Angelique-lon Exchange Consortium» kompaniyasi amalga oshirmoqda. Jarayonga zarur mutaxassislar va maxsus texnikalar jalb etilgan.
Loyiha doirasida 9 ta zamonaviy nasos agregati, sutkasiga 100 ming kub metr suvni tindirish va filtrlash quvvatiga ega inshoot, reagent xo‘jaligi, dispetcherlik xizmati hamda markaziy laboratoriya binosi barpo etilmoqda.
Shuningdek, mavjud 2 ta 5 ming kub metrlik va 1 ta 10 ming kub metrlik toza suv rezervuarini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, «Kurashxona» suv inshootining suv tozalash quvvati hozirgi sutkasiga 38 ming kub metrdan 100 ming kub metrga yetkaziladi.
Yangi texnologiyalar suvning loyqaligi 2500 mg/litrgacha bo‘lgan holatlarda ham uni sifatli tozalash imkonini beradi. Natijada Namangan shahri va unga tutash hududlarda yashovchi 600 ming nafarga yaqin aholini uzluksiz va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyatlari kengayadi.
[gallery-31510]
Loyiha yakunlanishi bilan «Kurashxona» inshootining ishlab chiqarish quvvati sezilarli darajada oshirilib, Namangan shahrida ichimlik suvi ta’minoti barqarorligi va xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilanadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA