Kurash: Qozog‘iston poytaxti XV jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida joriy yil 4–9-noyabr kunlari milliy sportimiz kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XV jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Ilk bor Ostona shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionati dunyoning turli mamlakatlaridan eng kuchli kurashchilar, murabbiy va hakamlarni, milliy federatsiyalar rahbarlarini hamda sport mutaxassislarini bir maydonga jamlaydi.
Ostonadagi jahon chempionati doirasida Xalqaro kurash assotsiatsiyasining boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi va XXII navbatdagi Kongressi tashkil etiladi.
Shuningdek, tadbirlar dasturidan IKA antidoping, hakamlik va murabbiylik seminarlari hamda xalqaro hakamlik imtihonlari o‘rin olgan. Jahon chempionati sportchilarga WSP reytingi uchun qimmatli ochkolarni taqdim etadi.
Shu kunlarda ishtirokchilarni ro‘yxatga olish ishlari Xalqaro kurash assotsiatsiyasining tegishli tizimlari orqali amalga oshirilmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA