Bir necha ming yillik tarixga ega o‘zbek milliy kurashi azaldan mardlik, jasurlik, vatanparvarlik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan milliy qadriyat bo‘lib, bugungi kunda uni yanada ommalashtirish va rivojlantirish, dunyoga tanitish hamda umumjahon durdonasiga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, milliy kurashimizning boy an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, o‘zbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarning milliy sportimizga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlarning, shuningdek, jahon xalqlarining mazkur sport turi bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2020 yil 4 noyabr kuni Prezidentimizning “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda o‘zbek kurashini yanada ommalashtirish, uning dunyodagi nufuzini oshirish, ushbu sport turi bo‘yicha umuta’lim maktablarida to‘garaklar tashkil etish kabi bir qator ustuvor vazifalar belgilandi. Ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida olib borilishi kerak bo‘lgan asosiy ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy texnik instituti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Xudoyberdi Xaqnazarov O‘zA muxbiriga so‘zlab berdi.
- Asl mohiyatini anglaydigan kishilar kurashni shunchaki sport turigina emas, balki tarbiya maktabi, deb atashadi, – deydi X.Xaqnazarov. – Kurash o‘zbek halqi bilan tug‘ilib, u bilan birga yashab kelayotgan bo‘lsa, milliy istiqlol xalqimizning ana shu qadriyati, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’naviyati gavharini yetti iqlimga ko‘z-ko‘z qildi.
O‘rta asrlarda ham kurash mavjud bo‘lib, mashhur alloma Husayn Voiz Koshifiy o‘z asarlarida kurash bilan shug‘ullanuvchilar har qanday vaziyatda to‘g‘rilik va poklik qonuniyati bilan yashaydilar, deb ta’kidlagan. Kurash muqaddas islom dinida ham sunnat amallardan bo‘lib, u bilan muntazam shug‘ullanganlar 100 yildan ortiq umr ko‘rishgani manbalar orqali ma’lum. Demak, kurash ilmu ma’rifat bilan boyitilib borishi natijasida insonni ham yuksaltirib boradi, kuchli tana kuchli ma’rifat bilan uyg‘unlashadi.
Kurashning o‘zbek xalqi milliy mentalitetiga singib ketgan qator jihatlari mavjudki, u orqali nafaqat sportchilar, balki havaskorlar, qolaversa barcha yoshlarni ezgulikka undovchi muhim xarakter mavjud. Zero, kurashda, avvalo insoniy g‘oyalar, hurmat aks etgan bo‘lib, zo‘ravonlik va boshqa salbiy illatlar namoyon bo‘lmaydi. Kurashchilarga mashg‘ulot va musobaqa maydonlarida ona Vatanni himoya qilish, unga sadoqat bilan xizmat qilish uqtirilgan bo‘lib, polvonlar insonparvarlik ruhida tarbiya topishgan.
Hozirgi kunda o‘zbek kurashi mardlar va pahlavonlar yurti O‘zbekistonni dunyoga tanitish hamda nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Milliy sportimizda ishlatiladigan chala, g‘irrom, yonbosh, halol, degan so‘zlar hozirgi kunda 130 dan ortiq davlatlarda jaranglamoqda. Quvonarlisi, milliy kurashga, shu orqali o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bugun dunyoning turli chekkalarida 1 milliondan ziyod ushbu sport turi bilan shug‘ullanib kelayotgan sportchilar kurashning Vataniga kelishga, aynan bizning nomdor polvonlarimiz bilan uchrashishga, kurash sir-asrorlarini o‘rganishga katta qiziqish bildirishmoqda. Demakki, ular nafaqat kurash sirlarini, balki kurashda qo‘llaniladigan atamalarni tushunish uchun o‘zbek tilini o‘rganishga ham qiziqishlari tabiiy.
1991 yil 17 sentyabrda “Sport” gazetasida Komil Yusupovning “O‘z tilimiz, o‘z kurashimiz bor” nomli maqolasi chop qilingandi. Unda o‘zbek kurashining bor go‘zalligi, uning halol sport turi ekani va uning barcha qoidalari sharhlab berildi. O‘zbek kurashini qanday qilib jahonga olib chiqish yo‘llari ko‘rsatildi.
Ahamiyatli jihati shundaki, bugungi millati, tilidan qat’i nazar, barcha hakamlar bemalol ayta oladigan 13 ta o‘zbekcha so‘z xalqaro sport lug‘atlaridan o‘rin oldi: “o‘rtaga”, “ta’zim”, “kurash”, “halol”, “yonbosh”, “chala”, “dakki”, “tanbeh”, “g‘irrom”, “bekor”, “teng”, “to‘xta”, “vaqt” kabi sof o‘zbekcha so‘zlar jahon arenalarida muntazam ravishda yangrab kelmoqda.
Bugun ushbu sportimiz Osiyo o‘yinlariga kiritilgan. Endi esa Olimpiya o‘yinlariga kiritishimiz uchun ushbu sport turini mamlakatimizda yanada ommalashtirish muhim ahamiyatga ega. Biz nafaqat ommalashtirish, balki kurash orqali yoshlarimizni tarbiyalashga erishamiz. Agar biz bitta umumta’lim maktabida 100 nafar yoshlarni ushbu sportga jalb etsak, ular orqali biz ushbu maktabda barcha ta’lim oluvchilarni ham tarbiyalashga erishamiz. Mashg‘ulot jarayonida sportchilarga bugungi kundagi dolzarb muammolar, jinoyatlarning kelib chiqishi va shu kabi masalalar murabbiylar tomonidan yetkazilib boriladi. Bu borada harbiy xizmatchi yoki xodim iste’dodli murabbiylarni o‘qitishimiz, ularni dastur asaosida shakllantirishimiz muhim masala hisoblanadi. Mashg‘ulot jarayonida murabbiylar tomonidan yoshlar tarbiyasi uchun aytiladigan fikrlar shug‘ullanayotgan sportchilar uchun juda muhim vaqt bo‘lib, ularga ayni ta’sir qiladigan jarayon hisoblanadi.
Qarorda belgilanganidek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodim va harbiy xizmatchilari tomonidan yoshlarni ushbu sportga yanada keng jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda yoshlarni «Polvonlari ko‘p yurt qudratli bo‘lur», degan yagona shior ostida birlashtirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bepul kurash guruhlarini tashkil etish ustivor vazifalardan sanaladi.
Muhim jihatlardan yana biri shundaki, 2025 yilga qadar respublikada kurash bilan muntazam shug‘ullanuvchi maktab o‘quvchilarini jami maktab o‘quvchilarining kamida 12 foiziga yetkazishga erishish, shuningdek, kurash bilan muntazam shug‘ullanuvchi aholi sonini kamida 8 foizga hamda xorijiy davlatlarda kurash bilan muntazam shug‘ullanuvchi sportchilar sonini kamida 12 millionga yetkazishga erishish vazifalari belgilangan. Pirovardida, kurashni 2028 yil Los-Anjelesdagi Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishiga erishish eng asosiy maqsad sanaladi.

Yuqoridagi vazifalarni samarali amalga oshirish uchun bir qator muhim masalalarni tizimli ravishda hal etish lozim bo‘ladi:
- Olimpiya mezonlari asosida, xalqaro maydonda bolalar, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida kurash sportini ommaviylashtirish va sport musobaqalarini tashkil etish lozim;
- Har yili Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, shuningdek, Afrika, Yevropa, Panamerika, Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda kattalar va yoshlar o‘rtasida qit’aviy musobaqalarni tashkil etish hamda o‘tkazish maqsadida ular faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kerak;
- Har yili Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tasdiqlagan jadvalga muvofiq, belgilangan standartlarga javob beradigan 2 ming dona yaktak sport kiyimi hamda 50 juft kurash gilamini xorijiy davlatlar kurash federatsiyalariga yetkazib berilishini ta’minlash lozim;
- Mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda o‘tadigan kurash musobaqalari, «to‘y kurashlari», «kurash sayillari», «kurash festivallari» va boshqa tadbirlar haqida rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarda materiallar tayyorlash, ularni elektron ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish zarur;
- Kurashni jahon bo‘ylab targ‘ib qilish bo‘yicha roliklar tayyorlash va ESPN (Entertainment and Sports Programming Network), Sky Sports, Setanta Sports, Fox Sports, Euronews, Eurosport CNN hamda boshqa yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalarida namoyish etish kerak;
- Murabbiylarning kasbiy va til o‘rganish bilan bog‘liq masalalarni qisqa muddatda hal etish muhim ahamiyatga ega.
Muxtasar aytganda, o‘zbek kurashini mamlakatimiz va jahonda ommalashtirish hamda yanada rivojlantirish, ushbu sport turi orqali yurtimiz sha’ni va nufuzini oshirish nafaqat uning rivojiga javobgar tashkilotlarning yuksak mas’uliyatini, balki har bir fuqaroning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini taqozo etadi.
O‘zA muxbiri
Javohir TOSHXO‘JAEV yozib oldi