Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida milliy sportimiz kurash bo‘yicha U-13 yosh toifasida kichik o‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati yosh avlod vakillariga chinakam sport bayramini tuhfa etdi.
Gullar shahrida uch kun davomida o‘tgan bellashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan kelgan 300 nafarga yaqin kurashchi yoshlar 20 ta vazn toifasida mamlakat chempionligi uchun bahslashdi.

Bellashuvlarda ishtirok etgan O‘zbekiston kurash federatsiyasi mutasaddilari uch ming yillik tarixga ega O‘zbek milliy kurashi bosqichma-bosqich nufuzli sport o‘yinlari tizimidan mustahkam joy olayotgani, joriy yilning 22-31 oktyabr kunlari Bahrayn davlatida o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilganligi bilan barchani muborakbod etdi.

Jozibali kurash usullariga boy kechgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, qizlar o‘rtasida Gulyora Ergashova, Mehribonu Usupova, Farangiz Eshnazarova, Dilnura Jabborova, Nilufar Norbo‘tayeva kabi yoshlar shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. O‘g‘il bolalar orasida Mironshox Ro‘ziyev, Samar Sa’dinov, Muhammadali Uralov, Mirsaid Fayzullayev singari mahoratli kurashchilar O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22-31 oktyabr kunlari Bahraynda bo‘ladigan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida 4 ta vazn toifasida musobaqalar tashkil etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.