Kurash koshonasi qachon quriladi?
Milliy istiqlol tufayli sport sohasida erishgan eng olamshumul g‘alabamiz, shubhasiz, milliy kurashimizning xalqaro maydonga chiqishi va sport hamjamiyatlari tomonidan kurashimizga yuksak baho berilishi bo‘ldi.
Ezgu so‘z
Milliy istiqlol tufayli sport sohasida erishgan eng olamshumul g‘alabamiz, shubhasiz, milliy kurashimizning xalqaro maydonga chiqishi va sport hamjamiyatlari tomonidan kurashimizga yuksak baho berilishi bo‘ldi.
Teran ildizlari necha ming yillar naridan oziq olgan kurashimiz ozodlik havosidan nafas olib gurkirab rivojlandi. 1998 yilda Xalqaro Kurash assotsiatsiyasiga asos solindi. So‘ngra beshta mintaqada kurash konfederatsiyalari tuzildi. Hozirgi kunda dunyoning 130 dan ortiq davlatida kurash milliy federatsiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 2018 yili Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlari dasturidan kurash musobaqalari ham joy oldi. Bungacha boshqa mintaqalarning shunday sport o‘yinlari dasturiga kurash musobaqalari kiritilgan edi. Ha, milliy kurashimizning jahonning eng nufuzli sport musobaqasi – Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olishiga bir qadam qoldi!
Biz – dunyo bo‘ylab shaxdam qadam tashlayotgan kurash vatanimiz. Bu bizga g‘urur-iftixor tuyg‘usi berish bilan birga, juda katta mas’uliyat ham yuklaydi. Chunki biz kurashimizning jahon sport hamjamiyatlari o‘rtasida yil sayin obro‘si oshib borishiga hamisha javobgarmiz. Shuningdek, kurashga bog‘liq har jabhada boshqa davlatlarning kurash milliy federatsiyalariga, kurashchilariga o‘rnak bo‘lishimiz shart.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini Toshkent va Samarqandda o‘tkazish uchun Osiyo Olimpiya kengashiga ariza topshirdi. Yaqinda hukumat qarori bilan shu shaharlarda Olimpiya shaharchalari bunyod etish rejalashtirildi. Umidimiz shulki, o‘sha yilgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bizga topshiriladi. Hozirdan o‘sha Osiyo o‘yinlarida kurash musobaqasi qaerda o‘tkazilishini o‘ylashimiz lozim.
Esimda, 1999 yili kurash bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi jahon chempionati poytaxtimizdagi “Yunusobod” tennis klubi kortiga sport gilami to‘shab boshlangandi. Ikkinchi qismi “Jar” stadioni futbol maydonida tayyorlangan joyga sport gilamlari to‘shab, davom ettirilgandi.
Ma’lumki, kurashchilar bellashuvga chiqishdan oldin tanasini qizdirish uchun mashq qiladi, sherigi bilan kurash usullarini bajaradi. O‘shanda ko‘pchilik bellashuvlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan kurashchilarning marmar yo‘lakda, asfalt ustida kurash usullarini bajarayotganini ko‘rib, jarohat olishidan xavotirga tushgandi. Albatta, kurash bo‘yicha birinchi jahon chempionati o‘tkazilayotgani uchun bunday holat kechirarli edi.
Angliya – futbol vatani. Bu mamlakatdagi futbol stadionlarini ko‘rsangiz, ko‘zingiz yashnaydi. Kanada – xokkey vatani. Shu davlatdagi xokkey saroylari har qanday kishining havasini keltiradi. O‘zbekiston – kurash vatani! Shunday ekan, yurtimizda ko‘rgan ko‘zlar yashnaydigan, barcha havas qiladigan Kurash koshonasi bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz.
Ishonchimiz komil, poytaxtimizda ko‘zlarni quvnatadigan, hammada havas uyg‘otadigan Kurash koshonasi barpo etiladi! O‘shanda nufuzli mehmonni ham koshona sari boshlab boramiz va g‘urur bilan aytamiz: O‘zbekiston – kurash vatani! Mana bizning Kurash koshonamiz! Mehmonni koshona ichidagi Kurash muzeyi sari boshlaymiz. Haykal yoki suratni ko‘rsatib, deymiz: Mana afsonaviy kurashchimiz Alpomish! U raqibi bilan bellashib vaqt o‘tkazmagan, belidan ushlab bir siltab osmonga otgan. Mana nomi tillarda doston bo‘lgan Barchinoy momomiz. U o‘zini mensimagan alpni bir siltab kuragini yerga tegizgan va dovdirab qolgan boshqa alplarga qarata to‘rtta shart qo‘yib, halol kurashga chorlagan. Mana, mashhur kurashchimiz Pahlavon Mahmud! Uning polvonlarga xos fazilatlari barchaga ibrat. Mana bular - bellashuvga tayyorgarlik ko‘radigan zallar.
O‘shanda 200 davlatdan kurashchi kelmaydimi, bariga yetadi. Hayratlanib turgan mehmonni ichkariga taklif qilamiz. Mana mardlar maydoni! Bu qutlug‘ joyda o‘zbekcha “HALOL” so‘zi mag‘rur jaranglaydi! Tashqariga chiqqan mehmonga yana bir muhtasham binoni ko‘rsatamiz: mana bu O‘zbekistonning yangi Alpomish, Barchinoy, Pahlavon Mahmudlarini voyaga yetkazadigan Kurashga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi!..
Ha, shunday kun keladi! Axir, O‘zbekiston – kurash vatani! Yurtimiz kurashga taalluqli barcha sohalarda jumlai jahonga o‘rnak bo‘ladi! Kurashimiz esa jahonning eng nufuzli sport musobaqasi – Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘zining haqli o‘rnini egallaydi!
Asror MO‘MIN,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist