“Kurash” ilmiy-ommabop elektron jurnali chop etildi
Davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil 20 dekabrda imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilganidek, ota-bobolarimizdan meros kurashning rivojini yangi bosqichga olib chiqish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va xorijiy mamlakatlarda yanada keng targ‘ib qilishda axborot vositalari, o‘tkazilayotgan targ‘ibot ishlarining alohida o‘rni bor.
Shu maqsadda O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan o‘zbek, rus va ingliz tillarida “Kurash” ilmiy-ommabop elektron jurnali chop etilishi yo‘lga qo‘yildi.
Kuni kecha “Kurash” ilmiy-ommabop elektron jurnalining ilk soni chop etilib, keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Soha fidoyilarining dil so‘zlari, kurash sport turida ulkan yutuq va marralarni zabt etib kelayotgan sportchilar va kurash malikalari haqida qiziqarli maqola, suhbatlar, musobaqa va turnirlar haqida yangiliklar o‘rin olgan elektron jurnal kurash sportiga qiziqadigan barcha yurtdoshlarimiz va butun dunyodagi kurash muxlislariga eng qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etib borishi nazarda tutilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA