Kurash haftaligi: Bayroqdan jilo olgan qadriyatlar namoyishi
Milliy sport turimiz kurash o‘z jozibasi, usullarining betakrorligi bilan yakkakurash sport turlari orasida o‘z o‘rnini topdi. Kurash xalqaro sport turi sifatida keyingi yillarda dunyodagi minglab insonlarning sevimli mashg‘ulotiga aylanib borayotgani e’tiborlidir.
Kurashda usullarning baholanishi, bellashuvlarning boshqarilishi, sportchilarning libosi o‘zbekona yuritilishi jahon sport leksikonida ona tilimizdagi iboralarning paydo bo‘lishini ta’minladi.
Kuni kecha poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida boshlangan kurash haftaligi doirasidagi bellashuvlarda ham bu holat yaqqol ko‘zga tashlandi. Kishiga o‘zgacha ko‘tarinki ruhiyat bag‘ishladi. Axir, musobaqa o‘z ona tilimizdagi “to‘xta”, “kurash”, “yonbosh”, “dakki”, “yaktak”, “halol” kabi so‘zlar bilan boshqarilsa, quvonmay, g‘ururlanmay bo‘ladimi?!
Sportchilarning bayrog‘imizdagi yashil va ko‘k ranglardan jilo olgan yaktaklarda kurash gilamida bellashuvi, maydonda go‘yoki O‘zbekiston bayrog‘i harakatlanayotgandek tasavvur uyg‘otishi esa yanada iftixorlidir. Jahonning turli mamlakatlarida o‘tayotgan kurash bo‘yicha milliy chempionatlar, turnirlarda kurashchilarning vatanimiz bayrog‘idagi yaktaklarda kurash tushishini tasavvur qilsangiz, milliy sportimiz orqali yurtimiz, xalqimiz, azaliy qadriyatlarimiz ulug‘lanayotganiga yana bir karra amin bo‘lasiz.
[gallery-20348]
Kuni kecha kurash haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan “Besh tashabbus olimpiadasi” tizimidagi “Bosh prokuror kubogi”ning final bosqich bahslarida ham ayni harorat butun zal uzra hukmron bo‘ldi.
–Kurash azaldan o‘zbek xalqining milliy o‘yini, azaliy qadriyati bo‘lib kelgan. Bugun ushbu qadriyat xalqaro sport turi sifatida dunyoga keng yoyildi. Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tizimida jahonning 140 ga yaqin davlatida kurash milliy federatsiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, beshta qit’ada kurash konfederatsiyalari ish olib bormoqda. Har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kurash bo‘yicha chempionat va birinchiliklar o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘idan andoza olingan ko‘k va yashil yaktakdagi sportchilar bellashib, kurash bo‘yicha o‘z mamlakatining chempioni nomiga erishmoqda. Toshkentda boshlangan kurash haftaligi musobaqalari yoshlar o‘rtasida kurashning ommaviyligini ta’minlash bilan birga, jahon sport maydonlaridagi rivojiga ham beqiyos hissa qo‘shadi, – deydi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Rizo Nosiri.
50 nafardan ziyod yosh kurashchilar ishtirok etgan “Bosh prokuror kubogi”ning shiddatli bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, 6 oltin, 1 ta bronza medali bilan Surxondaryo viloyati kurashchi yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning kurash bo‘yicha g‘olibiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Bosh prokuratura, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Kurash federatsiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitalari hamkorligida o‘tayotgan kurash haftaligining navbatdagi musobaqasi davlat tashkilotlari va organlari xodimlari o‘rtasidagi “O‘zbek polvoni” turniri hisoblanadi.
Bugun, 14 noyabr kuni “Universal” sport saroyida “O‘zbek polvoni” bahslari bo‘lib o‘tadi. Kun davomida o‘tadigan bellashuvlarda 5 ta erkaklar va 4 ta ayollar vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Haftalik doirasida shuningdek, prokuratura xodimlari o‘rtasida “Prokuror polvoni”, respublika faxriylar turniri va ayollar o‘rtasida “Kurash malikalari” respublika musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Kurash haftaligi 17 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
Muhammad AMIN (surat),O‘zA