Kurash bo‘yicha I Jahon harbiy chellenjining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda 16 davlatdan kelgan harbiy sportchilar ishtirokida kurash bo‘yicha I Jahon harbiy chellenji start oldi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov, Xalqaro harbiy sport Kengashi (CISM) Bosh kotibi Roberto Rekkiya, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Ziyoviddin Xo‘jiniyozov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) birinchi vitse-prezidenti, sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov hamda qator rasmiy mehmonlar ishtirok etdi.
Marosim musobaqada qatnashayotgan davlatlar delegatsiyalarining tantanali paradi bilan boshlandi. Badiiy dasturdan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar, milliy kuy-qo‘shiqlar, mamlakatimizning boy tarixi va madaniy merosini namoyon etuvchi sahna kompozitsiyalari o‘rin oldi.
Musobaqani rasman ochib bergan Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov kurash xalqimizning mardlik, jasurlik va halollik singari yuksak fazilatlarini o‘zida mujassam etgan milliy sport turi ekanini ta’kidladi.
Kurashning 2025-yilda CISM tomonidan rasmiy sport turi sifatida tan olingani, mazkur chellenjning esa Toshkentda ilk bor o‘tkazilayotgani milliy sportimiz taraqqiyotida muhim qadam ekani qayd etildi.
CISM Bosh kotibi Roberto Rekkiya mazkur musobaqa kurashning xalqaro harbiy sport tizimidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, chellenj kelgusidagi Butunjahon harbiylar o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun muhim sport maydoni bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Ochilish marosimidan so‘ng musobaqaning birinchi kuni doirasida final bellashuvlari o‘tkazildi. Olti vazn toifasidagi hal qiluvchi bahslarda turli davlatlardan tashrif buyurgan kuchli harbiy sportchilar g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
[gallery-31397]
O‘zbekistonlik polvonlar ishtirokidagi bellashuvlar, ayniqsa, muxlislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Musobaqa bahslari tomoshabinlarning olqishlari ostida qizg‘in kechdi.
Kun yakunida g‘olib va sovrindorlar taqdirlanib, kurash bo‘yicha I Jahon harbiy chellenjining ilk chempionlari aniqlandi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA