Kuragi yerga tegmagan yosh polvonlar saralandi
Nukus shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha 2008-2009 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Turizm va sport vazirligi hamda mamlakatimiz belbog‘li kurash federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur chempionatda mezbonlardan tashqari, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 300 nafardan ortiq yosh polvonlar g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.
Chempionatda o‘g‘il bolalar belbog‘li kurash va erkin yo‘nalishda 11 ta vazn toifasida o‘zaro kuch sinashgan bo‘lsa, qizlar erkin yo‘nalishda 7 ta vaznda g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, belbog‘li kurash yo‘nalishida Zaynobiddin Sobirov, Shohrux Jo‘rayev, Abdumajid Husanboyev, Azizbek Orifjonov, Ramziddin Abdulhamidov, Arsen Alirizayev, Ahliddin Mamatkarimov, Saidislom Saydjalolov, Muhriddin Umarov, Bayishbek Mamataliyev, Iqboljon Ro‘ziboyev o‘z vazn toifalarida chempionga aylandi.
Qizlar o‘rtasidagi erkin yo‘nalishda Jasmina Ma’murjonova, Shabbona Nasriddinova, Bahora Berdimurodova, Aneliya Turdiboyeva, Jannat Boranboyeva, Shodiyona To‘ychibayeva, Dilnuraxon Ahmadjonova g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, ushbu yo‘nalishda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Sanjarbek Hoshimjonov, Jasurbek Botirov, Muhriddin Quvvatov, Yerlan Qallibekov, Ilhomjon Otajonov, Ulug‘bek Rahmonaliyev, Muxibulloh Sadirdinov, Akromjon Hikmatov, Alisher To‘xtasinov, Shohrux Mahmudjonov, Asadbek Eminjonov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Kuchli uchlikdan joy olgan sportchilar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi, umuman, barcha hamkor tashkilotlarga musobaqaning yuqori saviyada o‘tganligi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Joriy yilgi sport mavsumi shogirdlarimiz uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ular turli yosh toifalarida o‘tkazilgan jahon chempionatlarida ishtirok etib, shohsupaga ko‘tarildi. Ushbu natijalar mamlakatimizda milliy sport turlariga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir. Hozirda Nukus shahrida milliy sport turlari bilan shug‘ullanish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Ushbu sport turlari yoshlarimiz hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda. Halollik va poklikni, dovyurak va Vatanga sadoqatni o‘z ichida mujassam etgan belbog‘li kurash, kurash, o‘zbek jang san’ati, turon kabi sport turlarimiz bilan shug‘ullanayotgan yoshlarimiz nafaqat sog‘lom, eng muhimi o‘z madaniyatimizni o‘rgangan holda kamol topmoqda. Maqsadimiz, keyingi yilda ham milliy sport turlarimiz bo‘yicha nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, O‘zbekiston sharafini yanada yuksaltirishdir, - deydi Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus shahar oliy mahorat maktabining belbog‘li kurash bo‘yicha bosh murabbiyi Bokenbay Saduakasov O‘zA muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA