Kunduzgi parvarish xizmati takomillashmoqda
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi bilan tuzilgan bitim asosida Oqqo‘rg‘on tumani Shodlik mahallasida davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Hozir mazkur markaz bolalar hamda ularning oilalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ayni paytda bu yerda 23 nafar bola sifatli parvarishlanyapti. Ushbu xizmatning asosiy maqsadi nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish hamda mustaqil hayotga tayyorlashdan iborat.

Muhimi, har bir bolaning yoshi, imkoniyati va holatidan kelib chiqib, individual reja asosida parvarish, ta’limiy va rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Ijtimoiy moslashuv, reabilitatsiya hamda ta’limiy va madaniy faoliyatlar uyg‘unligida tashkil etilgan ushbu jarayon bolalarning hayot sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur markaz nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari uchun ham keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, ushbu kunduzgi parvarish xizmatiga farzandlarini jalb etgan besh nafar ota-ona o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.

— Birgina Dilshod Rahmatillayev misolida aytish mumkinki, hozir u tumanimizdagi 78-sonli maxsus maktab-internatga o‘qishga yo‘naltirilmoqda. U kunduzgi parvarish xizmatidan maktab sari yo‘l olmoqda, — deydi kunduzgi parvarish xizmati rahbari Zulxumor G‘aniyeva. – Mazkur tashabbus natijasida ilgari farzandining parvarishi bilan band, biroq ishlash istagida bo‘lgan ota-onalar endi o‘z kasbiga qaytish, moddiy va ma’naviy jihatdan mustahkamlanish imkoniga ham ega bo‘lmoqda.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan bugungacha tuman va shaharlarda 24 ta kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilgan. Mazkur xizmatlarga 302 nafar bola qamrab olinib, ularning parvarishi uchun davlat tomonidan jami 1 milliard 467 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Shu asosida joylarda samarali ishlar tashkil etilgan.
A.Musayev,O‘zA