Bu haqda “Kundalik” kompaniyasi ma’lum qildi.
Raqamli ta’lim platformasi butun O‘zbekiston bo‘ylab 1585 ta maktabda joriy etildi, ulardan 1482 tasi qog‘oz kundaliklar va jurnallardan to‘liq voz kechib, elektron hujjatlar almashinuviga o‘tdi.
Ushbu yil davomida tizimda 98 milliondan ortiq baho qo‘yildi va 11 milliondan ortiq uy vazifasi berildi. “Kundalik.som” platformasida 1,5 million nafar o‘quvchi, 1,4 million nafar ota-ona va 115 mingdan ortiq pedagog ro‘yxatdan o‘tgan. Sutkasiga platformaga o‘rtacha 175 ming kishi kirmoqda.
Kundalik ko‘mak xizmatining xodimlari yil davomida tizim bilan ishlash masalalari borasida 30 mingga yaqin konsul’tatsiya o‘tkazdi. Kompaniya metodistlari 299 ta ta’lim seminari va bahs-munozaralarni tashkil qildi, ularda O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlari, tuman va viloyat ta’lim bo‘limlarining 9 mingta xodimi qatnashdi.
Maktablarda pedagoglarni o‘qitishdan tashqari, metodistlar hamkorlik bo‘yicha imzolangan memorandum doirasida ham onlayn uchrashuvlar o‘tkazildi. Kelasi yilda mazkur yo‘nalish bo‘yicha o‘quv uchrashuvlari yana davom ettiriladi.
“Kundalik” kompaniyasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan kiritilgan takliflarga ko‘ra, boshqa maktablarni tizimga ulash uchun ochiqdir.
Yangi taqvim yilida ota-onalar va o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan moslashtirilgan bosh sahifani testdan o‘tkazish ishlari yakunlanishi, o‘qituvchilar uchun mobil ilovani yangilash va foydalanuvchilarga elektron kundalikka obunani naqd pulda to‘lash imkoniyatini taqdim etish rejalashtirilmoqda.
O‘zA