“Kundalik”da ishlash oson va qulay
Bugungi kunda koʻplab sohalarda axborot texnologiyalari muvaffaqiyatli qoʻllanilmoqda. Bu Oʻzbekiston taʼlim tizimini ham chetlab oʻtmadi. Maktablarda Kundalik raqamli taʼlim platformasining joriy etilishi ota-onalar va oʻqituvchilarga ham qulaylik tugʻdirmoqda.
Bugungi kunda koʻplab sohalarda axborot texnologiyalari muvaffaqiyatli qoʻllanilmoqda. Bu Oʻzbekiston taʼlim tizimini ham chetlab oʻtmadi. Maktablarda Kundalik raqamli taʼlim platformasining joriy etilishi ota-onalar va oʻqituvchilarga ham qulaylik tugʻdirmoqda.
Oʻzbekistonda elektron kundaliklar va jurnallarni joriy etish boʻyicha bir necha urinishlar boʻlgan. Kundalik platformasining asosiy farqlari va afzalliklari nimadan iborat?
Pedagogikada salkam 30 yillik tajribam boʻlishiga qaramasdan, bunday koʻp funksiyali tizimga birinchi marta duch keldim. Bu nafaqat elektron kundalik va jurnal, balki oʻquv jarayonining barcha ishtirokchilari: oʻquvchilar, oʻqituvchilar, ota-onalar, maktab rahbarlari va nazoratchi idoralar uchun yaratilgan raqamli taʼlim platformasidir. U onlayn rejimda darslar jadvalini tuzish, har bir dars uchun rejalar tuzish, davomat va oʻzlashtirish hisob-kitobini yuritish, avtomatik ravishda hisobotlarni shakllantirishga imkon beradi. Oʻquvchi va ota-onalar Kundalikda baholar va uy vazifalarini koʻrishlari, xavfsiz tarmoqda muloqot qilishlari va qoʻshimcha taʼlim resurslaridan foydalanishlari mumkin. Platformadan foydalanish juda oson, tugʻiladigan savollarga esa qoʻllab-quvvatlash xizmati mutaxassislari har doim javob berishga tayyor.
Fikrimga koʻra, Kundalikning boshqa platformalardan asosiy farqi – kompleks yondashuvda. Biz nafaqat maʼlum bir mahsulotni joriy etmoqdamiz, balki uning yordamida mamlakatdagi butun taʼlim sohasini modernizatsiya qilmoqdamiz: pedagoglarga kompyuter savodxonligini oʻrgatmoqdamiz, maktablarning texnik jihozlanganligini koʻrsatib bermoqdamiz va ushbu haqqoniy maʼlumotlarni asl holida toʻliq Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim etmoqdamiz, vazirlik esa, ular asosida zarur boʻlgan joylarda va hajmlarda infratuzilmani yaxshilaydi, kompyuterlar bilan taʼminlaydi hamda internetga ulaydi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda turli sohalarda raqamlashtirish jarayoni amalga oshirilmoqda va taʼlim sohasi birinchi navbatda bunday oʻzgarishga muhtoj. Maktablar, oʻqituvchilar tarkibining tayyor emasligi va boshqa cheklovchi omillar haqida tinmasdan gapirish mumkin. Ammo hech narsa qilinmasa, rivojlanish boʻladimi?
Maktablarimiz bunday oʻzgarishlarga tayyormi, deb soʻrashingiz mumkin. Siz, hech nima qilmasdan oʻtirish va maʼlum bir tayyorgarlik vaqti kelishini kutish kerak deb hisoblaysizmi? Oʻzbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblar qanday joriy etilganini eslang. Oʻsha paytda aholi bunday ssenariyga umuman tayyor emas edi, hech kim tushunarsiz va keraksiz boʻlib koʻringan kartalardan foydalanishni istamagan edi. Ammo bu ish mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zarur edi. Koʻpchilik ulardan qanday foydalanishni tushunmas, doʻkonlar toʻlovlarni amalga oshirish uchun terminallar bilan yaxshi jihozlanmagan edi. Va endilikda, bir necha yil oʻtgach, toʻlov ilovalari yordamida kommunal toʻlovlar, davlat avtomobil nazorati jarimalari va boshqa xizmatlar toʻlanmoqda. Bu shuni koʻrsatadiki, jamiyatda yangiliklarni inkor etish orqali qabul qilish odati mavjud. Shuning uchun bu yerda asosiy narsa, hammasi bosqichma-bosqich amalga oshirilishidir.
Oʻzbekistondagi barcha taʼlim tashkilotlari ham kompyuterlar va internet bilan yetarli darajada jihozlanmagan. Biz buni yaxshi tushunamiz, shuning uchun ham bu tizim faqat toʻlaqonli ishlash uchun zarur boʻlgan minimal imkoniyatlar mavjud boʻlgan Toshkent shahri va baʼzi viloyat maktablarida joriy etilmoqda. Xalq taʼlimi vazirligidan bunday maktablarning roʻyxatini olgan holda, ish boshladik. Shunga qaramasdan, ularning baʼzilarida tizimni joriy etish jarayonida biz qayerdadir zaif internet, yana bir boshqa joyda kompyuterlar borligi, lekin eskiligi, yana bir yerda esa oʻqituvchilar tarkibi hamma texnik bazaga ega boʻlgan holda texnologiyadan foydalanishni oʻrganishni istamasligiga duch kelyapmiz. Bu haqda mutasaddilarga maʼlumot berilgan. Ular sodir boʻlayotgan voqealarda zarur choralar koʻradi. 2021-yil oxirigacha XTV Oʻzbekistondagi barcha maktablarni yuqori tezlikdagi internet va barcha sinflarni shaxsiy kompyuterlar bilan taʼminlashni rejalashtirgan.
Koʻp hollarda Kundalikda ishlash uchun oʻqituvchilar mustaqil ravishda planshet yoki smartfon sotib olishlari kerakmi, degan savol tez-tez soʻraladi. Tushuntirib oʻt
aman: oʻqituvchilar hech narsa sotib olishlari zarur emas. Tizim ularning hayotini murakkablashtirish uchun emas, balki uni osonlashtirish uchun joriy qilinmoqda. Bunda men qogʻozbozlikdan ozod qilish, hisobotlarni qoʻlda yozish, har bir dars boʻyicha har yili qayta-qayta koʻchiriladigan dars rejalarini qayta yozishlarni nazarda tutyapman.
Kundalikning asosiy maqsadlaridan biri – byurokratiya darajasini pasaytirish va taʼlimni yanada sifatli, arzon va ijodiy qilishdan iborat. Buning natijasida bolalar materialni yaxshiroq oʻrganadilar, yozilgan uy vazifalarini tekshirish, ota-onalarning oʻqituvchilarga qoʻngʻiroqlari va hokazo kabi “maishiy” muammolar hajmi kamayadi.
Men taʼlim jarayonining barcha murakkabliklarini yaqindan bilaman. Bu asosan hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq: jurnal yuritish, hisobotlarni tayyorlash, har bir dars boʻyicha ish rejalari – bularning barchasi har kuni qogʻozda toʻldiriladi. Taʼlimni raqamlashtirish oʻqituvchining hayotini osonlashtiradi. Jurnal yoʻqolmaydi, endi uni buzib qoʻyish mumkin emas, zamazka haqida umuman unutishingiz mumkin. Yoʻqlama qilishlar va uy vazifasini yuz martalab takrorlash oʻtmishda qoladi. Bundan tashqari, “qogʻozli” jarayonlarni avtomatlashtirish juda koʻp vaqtni tejaydi. Qisqasi, tizim maktabning kundalik hayotini sezilarli darajada osonlashtiradi. Bolalardagi barcha yutuqlar va bilimidagi boʻshliqlar qayd etib boriladi. Maʼlumotlarning ochiqligi va ishonchliligi ota-onalarga bolani yoʻnaltirishga, kerakli mavzular va fanlar boʻyicha oʻz vaqtida shugʻullanishga yordam beradi.
Texnologik yangiliklarning joriy etilishi har doim koʻplab qiyinchiliklar bilan birga kechadi. Tizimda ishlash koʻnikmalari loyihaning muvaffaqiyatiga bevosita taʼsir qiladi. Dastlab biz yuzma-yuz seminarlar va onlayn vebinarlarni oʻtkazishni istagan edik. Bizningcha, bunday ikki tomonlama yondashuv oʻqituvchilarni Kundalik bilan tanishtirish bosqichini tezlashtirishga imkon bergan boʻlardi. Ammo oxir-oqibatda vebinarlar oʻqituvchilar uchun juda qiyin boʻlib chiqdi, hamma ham maʼlumotlarni onlayn rejimda qabul qila olmadi. Shu sababli hozircha bundan voz kechish va koʻproq mashgʻulotlarni jonli ravishda oʻtkazishga qaror qilindi. Bugun biz boshqa metodistlar bilan birgalikda tizimga ulanayotgan maktablarda seminar va mahorat darslarini oʻtkazmoqdamiz. Albatta, har doim koʻplab savollar tugʻiladi, baʼzida oʻqituvchilar orasida “Men oʻzim qanday qilib elektron jurnalni yuritishim mumkin?” degan ikkilanish paydo boʻladi, lekin bu hol uzoqqa bormaydi. Ilgari kompyuterni yaxshi tushungan oʻqituvchilar bugungi kunda tizimning ishonchli foydalanuvchilaridir. Sizga 1971-yildan beri 158-maktabda ishlayotgan rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi Tatyana Istaxarova misolida gapirib beraman. Dastlab, raqamli taʼlim platformasining joriy etilishi haqidagi xabar unda xavotir uygʻotdi. Ammo Tatyana Borisovna bir necha hafta ichida, yoshi katta boʻlishiga qaramay, internetda va Kundalikda ishlashni oʻrganib oldi. Endilikda u har kuni, boz ustiga, elektron jurnalni oʻz vaqtida toʻldirmoqda: uy vazifalari va ularga tushuntirishlar, joriy baholar va ular haqida sharhlarni kiritmoqda. Biz bu qiyin va uzoq davom etadigan jarayon ekanligini tushunamiz, pedagog-oʻqituvchilarda “eski usulda” ishlash odati shakllanib boʻlgan va koʻpchilik, elektron jurnalni hozirgacha qabul qila olgani yoʻq.
Hozir oʻqituvchilar uchun ikki barobar ish – qogʻoz va elektron jurnallarni toʻldirishi zarur. Qachon elektron hujjat aylanuviga toʻliq oʻtish mumkin boʻladi?
Bular qogʻozdan “raqam”ga oʻtish davrining qiyinchiliklari. Oʻqituvchilarning ishini yengillashtirish, ularni qogʻozbozlik ishlaridan xalos qilish va oʻquv jarayoni sifatini yanada yaxshilash uchun elektron jurnal va kundaliklar joriy etilmoqda. Qogʻozdan toʻliq ozod boʻlish uchun oʻqituvchilar tizimni yaxshi oʻzlashtirishi va maktablar texnik jihatdan tayyorlanishi kerak, buning uchun esa, oʻzingiz bilganingizdek, vaqt zarur. Bu bir kechada boʻlmaydi, jarayon bosqichma-bosqich boʻladi. Baholar va uy vazifalari elektron jurnallarda qogʻoz jurnalida boʻlgani kabi paydo boʻla boshlagunga qadar ikki tomonlama ish yuritish koʻzda tutilgan. Bu tizim oʻzlashtirilganligi va unda ishlashga tayyor ekanligidan dalolat beradi.
Eng muhimi, tizim foydalanuvchilarining shaxsiy maʼlumotlari va barcha toʻplangan maʼlumotlar Oʻzbekiston
Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi orqali davlatga tegishli va Oʻzbekiston Respublikasi XTV nazorati ostidagi serverlarda joylashgan. Kundalik.com tizimi foydalanuvchilarining shaxsiy maʼlumotlari saqlanadigan “Kundalik” MCHJ serverlari Oʻzbekistondagi eng yirik aloqa operatori – “Oʻzbektelekom” AJning maʼlumotlar markazida joylashgan.
Shaxsiy maʼlumotlar qayta ishlash uchun maktab xodimlariga, taʼlimni boshqarish organlari, Kundalik xodimlariga va shaxssizlashtirilgan shaklda uchinchi shaxslarga berilishi mumkin. Tushuntirib oʻtaman, uchinchi tomonlar – bu reklama beruvchilar boʻlib, ular Kundalik.com foydalanuvchilariga oʻzlarining mahsulotlari va xizmatlari haqida platformamiz auditoriyasiga mos keladigan shakl, mavzularda, ularning yoshidan kelib chiqib, maʼlumot berishlari mumkin boʻladi. Shu bilan birga, taʼkidlash kerakki, uchinchi shaxslar tizim foydalanuvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni faqat shaxssizlashtirilgan shaklda olishlari mumkin. Biroq hali bu haqda gapirishga erta, chunki Kundalik yoʻlning boshida va platformada reklama joylashtirilmagan.
Bugungi kunda Toshkentning 290 maktabi Kundalik bilan ish olib bormoqda. Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari maktablari tizimga ulangan. Dastlabki natijalarga asoslanib, platforma hozirdanoq bir qator qiyinchiliklarni hal qilishga imkon beradi, degan xulosaga kelish mumkin. Barchaga maʼlumki, koʻplab maktablarda sinflarda oʻquvchilar soni 40 kishidan oshadi. Bunday holatlarda oʻqituvchi har bir bolaga eʼtibor qaratish, hamma oʻz uy vazifasini yozib olganmi yoki yoʻqligini kuzatishi qiyin. Kundalikda hamma narsa: vazifalar, baholar, dars jadvali qayd etilgan. Shuni ham taʼkidlash kerakki, platforma tufayli oʻquvchilarning davomati yaxshilandi va arzirli sababsiz darsdan qolishlar soni ozaydi. Oʻquvchilar orasida bolalarni yangi maqsadlarga intilishga undovchi bilim olishga, ijodiy topshiriqlar va musobaqalarga qiziqishning ortishi ham ahamiyatga ega. Kundalik taʼlim toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni birlashtiradi va undan taʼlim jarayonining barcha ishtirokchilari foydalanishlari uchun imkon yaratadi. Shunday qilib, masalan, toʻlib ketgan sinflarga doir vaziyat barcha, shu jumladan, direktor va XTV xodimlari uchun ham ochiq boʻladi. Tizim muammolarni barcha tushunishini taʼminlashi juda muhimdir.
Maktablarda ilk oʻquv seminarlarini oʻtkazganimizda, oʻqituvchilar tomonidan ikkilanish va ishonchsizlik juda koʻp boʻlgan. Ular bu yangilikni qoʻshimcha yuk sifatida qabul qilishgan edi. Ammo, bir necha oy oʻtishi bilan, yetakchi maktablar, faol ota-onalar har kuni tizimda ishlagan holda, vaqt va asabni tejash uchun yangi imkoniyatlarni kashf etdi. Fikrimcha, bu taʼlimni modernizatsiya qilishning eng samarali va oddiy vositalaridan biridir.
Gulnora ISMOILOVA,
“Kundalik” kompaniyasi mutaxassisi.