Kunchiqar davlatda Chust pichog‘i dovrug‘i yoyilmoqda
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Yaponiyaning “Chunichi” nashri o‘z rakursini O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonovning ilk bor pichoqlar shahri – Sekiga qilgan safariga qaratdi.
Maqolada mazkur tashrif doirasida Gifu prefekturasi gubernatori Xajime Furuta bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hududlararo sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilingani ta’kidlangan.
Elchimiz Seki Sitiga iqtisodiyot, madaniyat va inson resursi bo‘yicha aloqani chuqurlashtirish maqsadida tashrif buyurib, shahar meri Kiyoshi Yamashita bilan shahardagi obyektlar va korxonalarni aylangan, Seki temirchilik an’analari muzeyida yapon qilichi yasalishini tomosha kilgan, Ono pichoq fabrikasida yapon pichoqlarini yasash an’anasi va ilg‘or texnologiyasi bilan tanishgan.
Ko‘p asrlik tarixga ega pichoq sanoati markazlaridan biri hisoblanmish Namangan viloyatining Chust tumani va Seki shahri hamkorligini yo‘lga qo‘yish taklifini tomonlar iliq kutib olgani e’tirof etilgan.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA