Vatanimiz tarixidagi 27 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1083 yil (bundan 941 yil oldin) – Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asarining oxirgi tahririni tamomladi. Mazkur asar 1072–1083 yillarda arab tilida yozilgan. Muallif: “Kitob hijriy 464 yil jumodul-avval boshlari (milodiy 1072 yil)da boshlandi va to‘rt karra yozilgan (ko‘chirilgan)dan va tuzatilgandan so‘ng 466 yil jumodul-oxirning o‘n ikkinchi kuni (milodiy 1074 yilda) bitirildi”, – deb ko‘rsatgan. Keyinchalik asar yana tahrirlangan.   

Bizgacha “Devonu lug‘otit turk” asarining birgina qo‘lyozma nusxasi yetib kelgan. U 1914 yilda Turkiyaning Diyorbakir shahrida topilgan, hozir Istanbulda saqlanadi. Asarning topilish tarixi haqida geograf olim, professor Hamidulla Hasanov o‘zining “Mahmud Koshg‘ariy” nomli asarida shunday yozadi: “...beva xotin pulga muhtoj bo‘lib, kitobfurush do‘koniga eski qo‘lyozmani ko‘rsatdi: “Marhum (erim) aytgan edilar, agar qiynalib qolsanggina shu kitobni sotgin, lekin 30 liradan kam bo‘lmasin”.   

Ammo kitobfurush bunchalik qimmatga olgisi kelmadi va “kitob do‘konda tura tursin, xaridor chiqsa, pulini olarsiz”, deb javob qildi. Kunlar o‘tdi, xaridorlar keldi, birontasi ham shu “eski qog‘ozlar”ni 30 liraga olgisi kelmadi. Nihoyat, diyorbakirlik keksa kitob muxlislaridan Ali Amiriy (1857–1924) afandi do‘konga kelib qoldi... Ali Amiriy bu ko‘rimsiz qo‘lyozmani bir-ikki varaqlab chiqdi-yu, ammo olishga puli yo‘q edi. Ko‘chadan o‘tib ketayotgan bir do‘stini to‘xtatib, undan qarz oldi.   

Qo‘lyozmani olib ketgach, Ali Amiriy bir necha kun, erta-yu kech uni varaqlab, undan ko‘zini uza olmas edi. “Kitob oldim, uyga keldim, yemak-ichmakni unutdim. Bu kitobga haqiqiy qiymat berilmak lozim bo‘lsa, jahonning xazinalari kifoya qilmas”. Axir, bu tamomila yangi bir asar – Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” degan ajoyib durdonasi bo‘lib chiqdi”.   

1449 yil (bundan 575 yil oldin) – hijriy 853 yil ramazon oyining o‘ninchi kuni (milodiy 1449 yil 27 oktyabr)da Mirzo Ulug‘bek fojiali halok bo‘ldi. Ammo ayrim manbalarda bu fojiali halokatning 853 yil ramazon oyining sakkizinchi kuni (1449 yil 25 oktyabr)da sodir bo‘lgani qayd etilgan.   

O‘g‘li Abdulatif qo‘shini bilan bo‘lgan jangda yengilgach Mirzo Ulug‘bek farzandiga taslim bo‘lishga majbur bo‘ladi. Keyinchalik Ulug‘bek Haj safariga chiqadi. Abdulatif otasining safariga o‘zining sodiq xizmatkorlaridan biri – hoji Muhammad Xisravni ham qo‘shib yuboradi. Amalga oshmagan ushbu safar boshidagi mash’um fojea qanday yuz berganini o‘sha fojea tepasida bo‘lgan hoji Muhammad Xisrav iste’dodli tarixchi olim Mirxondga batafsil hikoya qilib bergan. Mirxond esa bu mash’um hodisani o‘zining “Ravzat us-safo” nomli kitobida batafsil yozib qoldirgan.   

Mirxondning xabar berishicha, “Abbos Ulug‘bek janoblarining qo‘llarini bog‘lab, tashqariga sudrab olib chiqdi va mash’ala o‘rnatilg‘on daraxt ostiga olub borub tiz cho‘ktirdi va ul besaodat qilichini g‘ilofidin sug‘irdi va ul odil va olim podshohning boshini tanidin judo etdi. Biz ersak avval uyning tevarak-atrofig‘a berkinib yotdik, so‘ng barchamiz Samarqandg‘a qaytdik”.   

Tarixchi olim Amriddin Berdimurodovning qayd etishicha, Samarqanddagi Amir Temur maqbarasida joylashgan Ulug‘bekning qabrtoshida quyidagi so‘zlar bitilgan:   

“Bu nurli qabr, shahidning oliy makoni, bu xushbo‘y bog‘ va yuksak turbat ul podshohning oromgohidirki, uning bunda bo‘luvi tufayli jannat bog‘i musaffo va bo‘stoni baxtiyordir. U marhum sulton, xalifat quvonchn, dunyo va din ko‘makchisi, oromgohiga Alloh nur yog‘dirsin. Ulug‘bek sultondirki, u 796 hijriy (1394 milodiy) yilda Sultoniya shahrida tug‘ildi va 810 hijriy (1408 milodiy) yilning zulhijja oyida Samarqand dor ul-amonida xilofat mustaqilligiga erishdi. Va Allohning irodasi ila “har kim buyurilganicha suzadi” deyilganidek, uning hayoti muddati nihoyasiga yetgach, va qazovu vaqti kelgach, o‘g‘li qarshi chiqib, xanjar tig‘ini unga urdi va natijada shahid bo‘lib, bag‘ishlaguvchi va shafqatli Alloh tomon yo‘l oldi. Bu hodisa nabi hijratining 853 yili ramazon oyining o‘ninchi kuni sodir bo‘ldi”.   

1841 yil (bundan 183 yil oldin) – Xiva xoni Olloqulixon Niyozboy boshchiligida 16 kishidan iborat o‘z elchilarini Rossiyaga jo‘natdi. Ular 1842 yil 10 martda Peterburgga yetib bordilar. Elchilarni Rossiya imperatori Nikolay I qabul qildi.   

1920 yil (bundan 104 yil oldin) – tarixchi H.Jo‘rayevning ma’lumot berishicha, Buxoro Xalq Sovet Respublikasida Xalq maorif nozirligi (vazirligi) qoshida kutubxona bo‘limi ochildi. Mazkur bo‘lim Buxoro Xalq Sovet Respublikasining boshqa shahar va qishloqlaridan yig‘ib kelinadigan kitoblar muhofazasi bilan shug‘ullangan.   

Bo‘limning mutasaddilari tugatilgan tashkilotlarning kutubxonalarini, davlat tasarrufiga o‘tgan shaxsiy kitoblar majmuasi (masalan, amir va devonbegi fondidagi kitoblar)ni muhofaza qilishni ta’minlagan. Birgina qozikalonning o‘zidan 2000 ta kitob olinib, ularning 25 foizi qo‘lyozma bo‘lgan. Qo‘lyozmalarning tarkibi turlicha bo‘lib, ularning ichidagi eng qadimiy qo‘lyozma chingiziylar hukmronligining so‘nggi yillariga tegishli bo‘lgan.   

1922 yil (bundan 102 yil oldin) – Samarqandning yangi gazetasi “Zarafshon”ning birinchi soni G‘ozi Yunus muharrirligida chiqdi. Gazeta ishlari bir qadar yo‘lga qo‘yilgach, 14-soni chiqarilgandan keyin, G‘ozi Yunus Toshkentga qaytdi.   

2006 yil (bundan 18 yil oldin) – Qarshi shahrining 2700 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘ldi. Qarshi O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, u turli davrlarda Bolo, Nashebolo, Naxshab, Nasaf, nomlari bilan yuritilib, XIV asrdan Qarshi deb atala boshlagan.   

Qashqadaryo vohasidagi dastlabki shahar “Naxshab” (suv obod qilgan, suv naqsh bergan manzil) nomi bilan miloddan avvalgi VII asrda – bundan qariyb 2700 yil oldin Yerqo‘rg‘on o‘rnida vujudga kelib, uning atrofi qal’a devori bilan o‘rab olingan. Ushbu qal’a devorlarining qoldiqlari arxeologlar tomonidan 1999 yilda o‘rganilgan.   

2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.   

2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi» davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.   

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kun tarixi: “Devonu lug‘otit turk”ning bizgacha yetib kelgan yagona qo‘lyozmasi qanday topilgan?