Vatanimiz tarixidagi 30 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1398 yil (bundan 626 yil oldin) – Hindiston yurishiga otlangan Amir Temur sharafiga Janjonda yigirma ikki yoshli nabirasi Pirmuhammad tomonidan bazm uyushtirildi. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, amirzoda bobosi Temurbekka arabiy arg‘umoq otlar, tilla kamarlar, idish-tovoqlar, egar-jabduqlar, ayoqlar, kiyim-kechaklardan an’anaga ko‘ra to‘qqiz-to‘qqiz tarzda peshkash (in’om)lar qiladi.
Peshkashlarning soni shu darajada ko‘p ediki, ikki kun davomida munshiylar va daftardorlar tomonidan hisobga olinib, ro‘yxatga bitiladi. Sohibqiron nabirasi keltirgan tortiqlarning barchasini amirlarga, vazirlarga, xoslarga unvoniga va tutgan mavqeiga qarab bo‘lib berishni buyuradi. Bu ham Sohibqironning naqadar saxiy bo‘lganidan dalolat.
Mo‘lton qal’asi va uning atrofidagi mavzelarni zabt etish chog‘ida amirzoda Pirmuhammadning lashkari ko‘p mashaqqat tortgan, surunkali davom etuvchi yomg‘ir mavsumi natijasida yuzaga kelgan loygarchilik ko‘pgina ot-ulovlarni ishdan chiqarib, suvoriylar piyoda qolgan edi. Shu kuni Amir Temurning farmoniga ko‘ra Pirmuhammadga o‘ttiz ming ot beriladi. Natijada ulovsiz qolgan suvoriylar qaytadan otga ega bo‘ladilar. Qayd etish joizki, keyinchalik Amir Temur vafoti oldidan aynan nabirasi Pirmuhammadni o‘ziga valiahd deb e’lon qilgan edi.
1400 yil (bundan 624 yil oldin) – Amir Temur o‘zining yetti yillik yurishi davrida Suriyaning shimoli-g‘arbidagi Halab qal’asi (Aleppo)ni egalladi. Misrning mamluk sultoni bu qal’aga butun Shom (Suriya)dan kuchlarni yig‘ib kelgandi. Shahar o‘rta asrning eng mustahkam qal’alaridan bo‘lib, uning devorida ikki qator arava bemalol yurishi mumkin edi. Halab ikki kunlik qamaldan so‘ng taslim bo‘ldi.
1404 yil (bundan 620 yil oldin) – Sohibqiron saltanatiga kelgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning qayd etishicha, Amir Temur o‘zining suyukli nabirasi, uni o‘zidan keyin toju taxtning yagona vorisi deb bilgan Muhammad Sulton xotirasi sharafiga bunyod etilgan masjid-maqbarani borib ko‘rdi. Sohibqiron bu yerda o‘z nevarasining xotirasiga xudoyi qildi. Ma’rakaga elchilar ham taklif etildi.
Amir Temurning Boyazid I Yildirimga qarshi yurishida Muhammad Sulton faol qatnashadi. U Kichik Osiyoning g‘arbiy chekkasigacha boradi. U yerdan qaytayotib, 1403 yil 12 martda Qora Hisor mavzesida shamollab 27 yoshida vafot etadi. Klavixoning so‘zlariga ko‘ra, Muhammad Sulton vafot etgach, jasadi dafn etish uchun Samarqandga jo‘natilgan va o‘shanda shahar mahkamasiga ushbu masjid-maqbarani qurish topshirilgan.
Sohibqiron 1404 yili, yetti yillik yurishdan Samarqandga qaytgandan so‘ng maqbara juda past qurilgani sababli bundan uning ko‘ngli to‘lmay, maqbarani buzib tashlab o‘n kun ichida yangisini bunyod etishni buyuradi. Kechayu kunduz davom etgan qurilishni uning shaxsan o‘zi ikki marta kelib nazorat qiladi. Shu tariqa, ulkan maqbaraning qurilishi juda qisqa muddatda – atigi o‘n kun ichida bitkaziladi.
1418 yil (bundan 606 yil oldin) – Mirzo Shohrux hukmronligidagi Temuriylar davlati bilan aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Xitoy imperiyasi Hirotga navbatdagi elchilik missiyasini yubordi. Mazkur elchilikka haram og‘asi Li-Ta boshchilik qilgan. Ular Shohruxga imperatorning maktubini taqdim etganlar.
1910 yil (bundan 114 yil oldin) – toshkentlik patolog-olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan vrach Asadulla Ma’rupov tavallud topdi (vafoti 1965 yil).
1919 yil (bundan 105 yil oldin) – Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumi Respublika Markaziy arxiv boshqarmasini tuzish to‘g‘risida qaror kabul kiladi.
1993 yil (bundan 31 yil oldin) – Toshkentda tasavvufning mashhur namoyandalaridan biri, shoir Xoja Ahmad Yassaviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-ma’rifiy konferensiya ochildi.
1999 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxiv ishi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilari va ularning trenerlarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga binoan “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risida nizom, ko‘krak nishon va uning guvohnomasining tavsiflari tasdiqlandi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonlari qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon banki ishtirokida «Institutsional salohiyatni oshirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq institutining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi