Vatanimiz tarixidagi 7 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1226 yil (bundan 798 yil oldin) – Jaloliddin Manguberdi Ayyubiylarning Van ko‘li bo‘yidagi tayanch nuqtalaridan biri – Hilot qal’asini birinchi marta qamal qilishni boshladi. Hilot qamali shu yilning 15 dekabrigacha davom etdi. Shundan keyin sovuq tushgani, qor yoqqani sababli qamal to‘xtatildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Jaloliddin Hilot qal’asini uchinchi qamaldan so‘ng 1230 yili egallashga muvaffaq bo‘lgan.
1398 yil (bundan 626 yil oldin) – Amir Temur qo‘shinlari Batnir (Bitnir) qal’asiga keldi va uni qamal qildi. Hamidulla Dadaboyevning Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asariga tayanib yozishicha, Batnir qal’asi Hindistonning eng mustahkam qo‘rg‘onlaridan biri bo‘lib, unga roja Duljin (Do‘lchin) hokimlik va ko‘mondonlik kilar edi. Rojaning qo‘l ostida katta miqdordagi lashkar jam bo‘lib, har qanday tashqi hujumni bartaraf etishga shay turardi.
Qal’aning mustahkamligidan, ko‘shinning ko‘p sonliligidan bamaylixotir bo‘lgan roja Amir Temurga qarshi jang qilishga qaror beradi. Sohibqiron qo‘shini ham saf tortib, janggohga qarab yo‘l oladi. Dastlabki hamladayoq qal’a ostonasidagi istehkomlar qo‘lga olinadi. Ammo, birinchi kuni hindlarning jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatishi sababli qal’ani zabt etishga muyassar bo‘linmaydi.
Hamidulla Dadaboyevning qayd etishicha, qamaldagilarni osongina bo‘ysundirib bo‘lmasligini fahmlagan Amir Temur, qal’ani qamal qilishni, har amir o‘z qismi joylashgan pozitsiya – bo‘ljardan, istehkom sari yer osti yo‘li – naqb qazishni amr qiladi. Temur askarlari amalga oshirayotgan ishni qal’a devorlari ustidan va burju borularidan kuzatib turgan hindlar qarshilik ko‘rsatish befoyda ekanini tushunib yetadilar, ularning ulug‘lari Sohibqiron qoshiga bo‘yin egib kelib, omonlik berishni iltimos qiladilar.
Amir Temur ularning iltimosini qondiradi. Roja Duljin qal’adan o‘z muovini va o‘g‘lini turli-tuman tuhfalar – lochinlar, arabiy arg‘umoqlar, zebu ziynatlar bilan Temurbek qarorgohiga jo‘natadi. Sohibqiron ularning ikkalasiga zarbof to‘nlar, oltin bilan bezatilgan shamshirlar hadya etadi va qal’aga qaytib ketishga ijozat beradi.
1413 yil (bundan 611 yil oldin) – Hirotda mashhur sayyoh, elchi va tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy tavallud topdi (vafoti 1482 yil). Uning “Samarqandiy” taxallusini olgani otasining Samarqand shahridan ekani va tarixchining o‘zi ham shu shaharda o‘qib, ancha vaqt shu yerda faoliyat ko‘rsatgani bilan bog‘liq. Tarixchi haqidagi ayrim ma’lumotlarni uning bizgacha yetib kelgan yagona asari “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo‘shilish joyi”)dan o‘qish mumkin.
Muallif mazkur asarni 1467–1470 yillar orasida yozib tugatgan bo‘lsa-da, ammo ma’lumot to‘plashni umrining oxirigacha davom ettirgan. Asarning nomi: “Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo‘shilish joyi”dan anglashilib turganidek, Abdurazzoq Samarqandiy o‘z kitobini ikki jildga bo‘lib tuzgan. Ikki saodatli yulduz (sa’dayn) va ikki dengiz (bahrayn)dan maqsad kimlar va qanday tushunchalar ekani, bu nomda kimlar va nimalarni nazarda tutganini Abdurazzoq Samarqandiyning o‘zi bayon etmagan.
1414 yil (bundan 610 yil oldin) – shoir, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili Abdurahmon Jomiy dunyoga keldi (vafoti 1492 yil). Tarixchi Omonulla Bo‘riyevning yozishicha, u o‘z bilimini takomillashtirish maqsadida yigirma ikki yoshida o‘sha kezlardagi eng yirik ilmiy markaz sanalmish Samarkand shahriga kelib, 1436–1452 yillar (16 yil) davomida bu yerda bilim olgan.
Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro o‘tirgandan so‘ng Jomiyning mamlakatdagi mavqei juda ortgan, chunki Sulton Husayn va uning ko‘p avlodlari o‘zlarini unga murid, deb e’lon qilganlar. Alisher Navoiy ham Jomiyni o‘ziga pir deb bilgan. Garchi Jomiyning Navoiydan yoshi ancha ulug‘, rasman pir hisoblansa ham, mohiyatan ular chin do‘st va hamkor bo‘lganlar. Navoiy bergan ma’lumotga ko‘ra, Jomiy turkiy tilni yaxshi bilgan.
1841 yil (bundan 183 yil oldin) – Qo‘qon xoni Umarxon va Nodirabegimning o‘g‘li, otasining vafotidan keyin o‘n yetti yoshida taxtga o‘tirgan, xonlikni qariyb o‘n to‘qqiz yil idora etgan Muxammad Alixon o‘z ukasi Sulton Mahmud foydasiga taxtdan voz kechdi.
1911 yil (bundan 113 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti Nabi Rahimov dunyoga keldi (vafoti 1994 yil).
1994 yil (bundan 30 yil oldin) – “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etildi.
2002 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2016 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida sportning gimnastika turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Kurash» milliy sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 9 bob, 56 moddadan iborat.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyati umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida suv ta’minotini barqaror tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi