Vatanimiz tarixidagi 4 iyul sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1908 yil (bundan 113 yil oldin) – “Farg‘ona rangli metall ishlab chiqarish jamiyati” Nizomi tasdiqlandi.
1914 yil (bundan 107 yil oldin) – Buxoro amiri Olimxon odatdagidek juma namoziga borgan paytda mutaassib ruhoniylar amirga yangi usul maktablarini yopish to‘g‘risida shikoyat qilishdi. Tarixchi Feruza Bobojonovaning qayd etishicha, qozikalon Burhoniddin jadid maktablarini badnom qiluvchi va bu maktablarni tezda yopishga qaratilgan quyidagi mazmunda amir Olimxonga ariza yozdi:
“Amiri marhum (Abdulahadxon) davrlarida ulamoning fatvolari bilan usuli jadid maktablarining harom va bid’atligi sobit bo‘lib, janobi oliyning amrlari bilan yopilgan edi. Bir necha vaqtdan beri yana mufsid jadidlar bosh ko‘tarib, shaharning har tarafida maktablar ochib, xalqning bolalarini buzib, fitna va fasod qo‘zg‘atib yuribdurlar. Agar janobi oliyning amrlari bilan ushbu maktablar tezlik bilan bog‘lanmasa, mullabachchalar bu bid’atni barham bermoq uchun o‘zlari qo‘zg‘alishlari aniqdir. U holda mamlakatda fitna va fasodlar ko‘payib, davlati oliyga zarar yetishi ehtimoldir”.
1923 yil (bundan 98 yil oldin) – Buxoro Respublikasi hukumati boshlig‘i Fayzulla Xo‘jayev Afg‘onistonda turgan Buxoroning sobiq amiri Olimxonning iltimosiga ko‘ra uning jami 51 kishidan iborat yaqin qarindosh-urug‘lari va haramini Afg‘onistonga jo‘natdi. Tarixchi olim Qahramon Rajabovning qayd etishicha, Afg‘onistonga borishni xohlamagan 64 nafar amir kishilari esa zudlik bilan tutqunlikdan ozod qilinib, ularga tegishli sharoit yaratib berildi. Biroq XX asr 30-yillari oxiridagi ommaviy qatli omda Buxoroda qolgan bu insonlarning deyarli hammasi qatag‘on qilindi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 1920 yil sentyabrda Buxoro shahri qizil armiya tomonidan bosib olinganidan so‘ng, Amir Said Olimxon Buxoro shahridan shoshilinch chiqib Sharqiy Buxoroga yo‘l oladi. So‘nggi Buxoro amirining butun harami va qarindosh-urug‘lari o‘sha paytda Xoja Orifda (hozirgi Shofirkon shahrida) qizil askarlar qo‘liga tushib qolgan. Qahramon Rajabovning yozishicha, amirning qarindosh-urug‘lari va harami (ularning umumiy miqdori arxiv hujjatlarida 118 kishi deb nomma-nom ko‘rsatilgan) ma’lum muddat Buxorodagi Xurjun madrasasida uy qamog‘ida saqlangan.
Sovet Rossiyasi rahbariyati va bolsheviklar bir necha marta Buxoro Respublikasi rahbarlaridan sobiq amirning oila a’zolarini qatl etish yoki ularni Buxorodan badarg‘a qilish to‘g‘risida talab qilganlariga qaramasdan ular bu talabni rad etib kelishgan edi.
1931 yil (bundan 90 yil oldin) – Toshkentda ma’rifiy va ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi xalq ziyolilari gazetasi – “Ma’rifat” “Madaniy inqilob” nomi bilan chiqa boshladi. U 1938 yil 25 yanvardan “O‘qituvchilar gazetasi” nomini oldi. 1991 yil 4 iyuldan esa hozirgi nomda nashr etila boshlandi. Gazeta turli rukn va sahifalarda mamlakatimizning bugungi ta’lim tizimi hayotidan hikoya qiladigan mavzularda har xil dolzarb materiallarni e’lon qiladi.
1938 yil (bundan 83 yil oldin) – matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Jovvat Hojiyev tavallud topdi. U 1995 yilda Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.
2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.