1855 yil (bundan 166 yil oldin) – o‘zining besh yarim oylik hukmronligidan so‘ng Xiva xoni Said Abdullaxon halok bo‘ldi.
U Xiva taxtiga o‘tirgach, bir guruh saroy amaldorlari Said Abdullaxonni tan olmasdan unga qarshi fitna uyushtirib, yovmut turkmanlari bilan aloqa o‘rnatgan hamda ularni isyonga chorlagan edilar. Yovmutlar isyon ko‘tarib G‘ozovot va Ilonli atroflaridagi qishloqlarni talay boshladilar.
Said Abdullaxon Xivadagi fitnachilarni fosh qilib, uning ishtirokchilarini qatl ettirgach, isyonchilarga qarshi kurash boshladi. Dastavval, Xiva qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangda yovmutlar mag‘lubiyatga uchrab dasht ichkarisiga chekingan bo‘lsalarda, avgustning oxirida yovmutlar Xiva navkarlari qarorgohiga to‘satdan tunda hujum qildilar. Bu hujumda Xiva navkarlari mag‘lubiyatga uchrab, Said Abdullaxon o‘ldirildi.
1937 yil (bundan 84 yil oldin) – kompozitor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Rashid Hamroyev tavallud topdi (vafoti 1985 yil). U yirik musiqiy-sahnaviy va simfonik musiqa janrlarida ijod qilib, milliy ohanglar bilan sug‘orilgan, dramatik va lirik jozibador asarlar yaratdi.
1940 yil (bundan 81 yil oldin) – futbolchi, sport ustasi Gennadiy Krasnitskiy tavallud topdi (vafoti 1988 yil). U 1959–1968 yillarda Toshkentning “Paxtakor” futbol jamoasi safida mamlakat birinchiligi oliy tabaqasi uchrashuvlarida 102 marta to‘p kiritgan. Sobiq Ittifoq milliy va olimpiya terma jamoalari tarkibida o‘ynab, 37 marta to‘p urgan. Gennadiy Krasnitskiy Janubiy Amerikada o‘tkazilgan xalqaro uchrashuvlar haqida “Rio-de-Janeyrodan Montevideogacha” degan kitob yozgan. U O‘zbekistonning XX asrdagi eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan.
2004 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern Konvensiyasiga qo‘shilish haqida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar-ma’rifiy telekanalini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA