1864 yil (bundan 157 yil oldin) – Xiva xoni Sayid Muhammadxon kasallanib vafot etgach taxtga uning o‘g‘li Sayid Muhammad Rahimxon II o‘tirdi. Soniy va Feruz nomlari bilan ham ma’lum bo‘lgan bu hukmdor Xiva xonlari orasida eng adolatparvar va ma’rifatparvar hukmdor bo‘lganligi bois ham 47 yil davomida mamlakatni idora qildi. Bu xon o‘zining butun hukmronligi davrida el-yurt farovonligi, tinchlik-osiyishtaligi uchun kurashdi.
1910 yil (bundan 111 yil oldin) – Xiva xoni Asfandiyorxon hijriy 1328 yil ramazon oyining o‘ninchi kuni (milodiy 1910 yil 10 sentyabr)da tarixiy ahamiyat kasb etgan yorliq qabul qildi. Tarixchi Ne’mat Polvonovning yozishicha, bu hujjat 12 kunlik mehnat majburiyati (begar) va shu vaqtda mehnatkashning kuniga 2,5 tanga to‘lovini bekor qilib, davlat tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlarda ishlovchilarga 2 tanga xazinadan pul to‘lash, amaldorlar o‘z xizmatlari uchun xalqdan soliq olmaslik va o‘zlarining xizmat vazifasi doirasidagi aholi arizasini hal qilganda adolat bilan yondashib, buning uchun arizadordan hech nima ta’ma qilmaslik, yer solig‘ini tubdan o‘zgartirish uchun yerning hisobini aniqlash va har kim egalik qilayotgan yer miqdoriga qarab soliq to‘lashi, bozorlarda yig‘iladigan boj va zakot solig‘ini tartibga solish, yo‘llarni yaxshilash, temir ko‘priklar qurish, pochta-telegraf, kasalxonalar qurib, ishga tushirish kabi masalarni o‘z ichiga olgan edi. Bu islohotni amalga oshirishni vaziri akbar Islomxo‘jaga topshirish ko‘zda tutilgan edi.
1915 yil (bundan 106 yil oldin) – matematik olim va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Toshmuhammad Sarimsoqov tavallud topdi (vafoti 1995 yil). U 1946 – 1952 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, 1959–1971 yillarda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri sifatida faoliyat yuritgan. Toshmuhammad Sarimsoqov topologiya va funksional analiz bo‘yicha Toshkent ilmiy maktabi asoschisi. Yarim maydonlar nazariyasi va uning ehtimollar nazariyasiga tatbikini ishlab chiqqan. U 2002 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1917 yil (bundan 104 yil oldin) – Toshkent shahar dumasi majlisida rus-tuzem maktablari o‘rnida 6 sinflik milliy musulmonlar maktabi tashkil etish masalasi muhokama etildi. Bu majlisda Munavvarqori ma’ruza qildi. Bu voqealar xaqida xotiralar yozgan Nikolay Ostroumov Munavvarqorining amaliy pedagogik faoliyatiga katta baho beradi. Uni mahalliy aholi Toshkentning Eski shahar qismidagi maktablarning yagona direktori deb hisoblashlari, Munavvarqori 6 sinflik yangi milliy musulmonlar maktablari uchun o‘quv dasturi taqdim etganligini, uning xalqni ma’rifatli qilish uchun olib borayotgan faoliyati samarali bo‘layotganligini qayd etadi. Chunki Duma majlisidagi muhokamadan so‘ng 1917/1918 o‘quv yilida ochilajak milliy maktab uchun kredit ochishga ham ruxsat beriladi. Bu harakatlari bilan Munavvarqori milliy maktabga asos soldi.
1924 yil (bundan 97 yil oldin) – tarixchi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Sobir Kamolov tavallud topdi (vafoti 2009 yil). Uning ilmiy faoliyati qoraqalpoq xalqining etnik tarixi, shakllanishi va madaniyatiga oid. U 300 dan ziyod ilmiy asarlar muallifi. Sobir Kamolov “Jasorat” va “Shuhrat” medallari bilan taqdirlangan.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Laos Xalq Demokratik Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.
1998 yil (bundan 23 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston–Germaniya do‘stlik jamiyati tuzildi. Uning ta’sis majlisida jamiyatning rahbar organlari saylandi hamda Nizomi tasdiqlandi.
2008 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA