Kun kelib, muzokara stoliga o‘tiriladi”
Bugun, 6 dekabrga rejalangan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Ukrainadagi gumanitar vaziyat ko‘rib chiqiladi.
AQSH hokimiyati keyingi oylarda Ukraina qo‘shinlarining NATO kuchlari bilan tezkor hamkorligi yuqori darajaga ko‘tarildi, deb hisoblaydi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Robin Dannigan aytib o‘tdi. Uning bayonotiga ko‘ra, “Vashington, ko‘p bor takrorlaganidek, NATOning “ochiq eshiklar” siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Ukrainaga ham tegishli”.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Rossiyaga qarshi sanksiyani qayta ko‘rib chiqish kerak, deb bayonot berdi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining hamkorlik masalasi bo‘yicha davlat kotibi Tamash Menser mamlakat Ukraina harbiylarini qayta tayyorlashda ishtirok etmaydi, dedi.
“Biz urush emas, tinchlik tarafdorimiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
- Ukraina bo‘yicha xalqaro tribunal tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, dedi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken “The Wall Street Journal” nashri uyushtirgan matbuot anjumanida. - Muhimi Ukraina zarur bo‘lgan taqdirda aybdorlarni jazolashi lozim. Biz, shuningdek, isbot va axborot to‘plash bo‘yicha xalqaro jinoyat sudi intilishini qo‘llaymiz.
Shuningdek, Blinken Ukraina ziddiyati Moskva va Kiyev o‘rtasidagi tinchlik muzokarasi natijasida hal bo‘lishini aytdi.
“Qachonlardir diplomatiya, muzokara ishlaydigan shunday bir kun keladi”, deb qo‘shimcha qildi u.
BMT Bosh kotibi vakili Stefani Tremblening aytishicha, tribunal tuzish talabi bilan bog‘liq rezolyutsiya loyihasi bo‘yicha xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida muzokara olib borilmoqda. Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov va Pentagon rahbari Lloyd Ostin telefon orqali muloqotda Ukraina Qurolli kuchlari havo mudofaasiga qarshi tizimini kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqdi.
Moldova parlamenti raisi Igor Grosu Rossiyaning Ukrainadagi harakatini oqlayotgan fuqarolarga qarshi chora ko‘rish zarurligi to‘g‘risida gapirdi. “ProTV” bu haqda iqtibos keltirdi.
AQSH va YeI Ukrainani tiklash, mamlakat infratizimi xavfsizligini ta’minlashga bundan keyin ham yordam berishni davom ettiradi. Bu haqda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan AQSH va YeI savdo va texnologiya bo‘yicha kengashi yig‘ilishida gap bordi. Aksariyat mamlakatlar AQSH va ittifoqchilarning Ukrainadagi mojaroga nisbatan qarashini qo‘llamaydi, deb yozib chiqdi “Newsweek” sharhlovchisi Deniel Depetris.
“Turli davlatlarning o‘z manfaati bor, “qo‘lni qayirish – majburlash bilan” ish bitmaydi. Vashington ham xalqaro munosabatning bu tamoyilini esdan chiqarmasligi kerak”, degan u.
Abror XON,
O‘zA