Global iqlim o‘zgarishi, sanoat shaharlaridagi ekologik vaziyat yomonlashuvi odamlarni xavotirga solib, ko‘proq tabiat qo‘yniga, so‘lim va bahavo manzillar sari chorlamoqda. Bu jarayon dunyoda ekoturizm rivojiga yo‘l ochayotir.
O‘zbekistonda ham ekoturizmni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilib, betakror tabiati bilan mashhur go‘shalar sayyohlik manziliga aylantirilmoqda.
Kumushkon – turizm qishlog‘i
Shu kunlarda Toshkent viloyatining Parkent tumanida mahalliy va xorijlik sayyohlarni ko‘plab uchratish mumkin. Chunki bu tog‘li hududda turizmni rivojlantirishga, dam oluvchilarga zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilyapti. Bunda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi qabul qilingani hamda Kumushkon turizm qishlog‘ini tashkil etish chora-tadbirlari jadallashtirilgani o‘z samarasini bermoqda. Darvoqe, “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi asosida yaratilayotgan imkoniyatlar tumanda sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlarni hozirlash barobarida aholi va tadbirkorlarning daromadini oshirishga ham xizmat qiladi.
Parkent tumanining betakror tabiati, o‘ziga xosligi sayyohlarni jalb qilishda qo‘l keladi. Xususan, bugun Kumushkon qishlog‘i butunlay o‘zgacha qiyofaga kirgan. Bu yerda olib borilgan bunyodkorlik ishlariga havas qilasiz. Salkam 70 gektar maydondan iborat o‘ziga xos turizm markazining so‘lim tabiati, toza havosi, shifobaxsh suvining dovrug‘i dunyo kezmoqda.
– Hozir Kumushkon turizm qishlog‘ida 23 ta mehmon uyi ishlab turibdi, – deydi Parkent tumani hokimi Shohrux Shoahmedov. — Ularning sonini shu yil oxirigacha yana 100 taga ko‘payishi rejalashtirilgan. Tumanimizda turizm borasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Shu sabab bunday faoliyat bilan shug‘ullanish istagini bildirgan tadbirkorlarimizga har tomonlama yordam ko‘rsatyapmiz. Maqsadimiz – tuman turizm salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish orqali odamlarga yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish. Albatta, bu sa’y-harakatlarimiz sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar, xizmat ko‘rsatish sohasida o‘ziga xos raqobat muhiti yaratilishiga ham sabab bo‘ladi.
Tog‘ bag‘rida joylashgan turizm qishlog‘idamiz. Hududga kirib borarkansiz, bir-biriga uyg‘un tarzda qad rostlagan mo‘’jazgina uylarning ko‘rkamligidan kayfiyatingizda ajib hislar jilva qiladi. Ayniqsa, tekis, ravon yo‘llar, tungi yoritkichlar, gulzorlardan o‘zgacha zavq olasiz.
Qishloqda yetishtiriladigan mevalarga hech qanday kimyoviy o‘g‘it ishlatilmas-ligini eshitib, pishiqchilik mavsumida yana kelishni dilga tugasiz. Ekologik sof mahsulotlardan tayyorlanadigan xushta’m taomlar mazasi og‘zingizda qoladi.
Kumushkonga kelgan sayyoh tog‘ bag‘rida shunchaki hordiq chiqarmaydi. Hududdagi Hazrati Ali Buva ziyoratgohiga ham borib, ruhiy ozuqa oladi. Xohishiga qarab, taomlar tayyorlanish jarayonida ishtirok etadi. Hunarmandchiligimizga oid buyumlar tomoshasidan zavqlanadi. Buloq suvini ichib, tani yayraydi. Chinakam tog‘ havosidan to‘yib nafas oladi.
Kumushkon turizm qishlog‘ining mana shunday o‘ziga xos tomonlari tufayli ayni paytda mehmon uylarini band qilganlar soni ortib bormoqda. Ular orasida nafaqat mahalliy, balki olis mamlakatlardan kelgan sayyohlarni ham uchratish mumkin.
Qishloq ko‘chalaridan ketayotib, mehmon uylaridan biriga kirib o‘tdik. Mo‘’jazgina xonadonda sayyohlarga tuman aholisining hayoti, madaniyati haqida ma’lumot berish uchun ajratilgan maxsus xonada bir-biridan qiziq, kishi e’tiborini tortadigan mingga yaqin jihoz tartib bilan joylashtirilgan.
– Zo‘rmi, – deb so‘raydi hayratimizdan zavqlangan xonadon sohibasi Antonina Madaliyeva. – Mehmon uyimizni xorijliklar uchun ham mo‘ljallaganmiz-da. Hozir mavsumga tayyorgarlikni yakunlayapmiz. Yana bir nechta supa, stol va stullarni tabiatga uyg‘un tarzda tayyorlab qo‘ydik. Parkentliklarning tabiati va turmush tarzi haqida yaqindan xabardor qilish maqsadida to‘plagan eksponatlarimizni ham doimiy to‘ldirib, boyitib boramiz. Xudo xohlasa, bu galgi mavsumda sayyohlar ko‘p bo‘lishini kutyapmiz. Shu sabab sanitariya-gigiyena talablarini kuchaytirdik. Barcha zarur vositalarni taxt qilib qo‘ydik. Sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarimiz sifati yuqori bo‘lsa, kelgusi yillarda bu o‘zining natijasini beradi.
Turkiyalik sayyohning hayrati
Qishloqdagi yana bir mehmon uyiga kirdik. Bu yerda turkiyalik sayyoh Hasan O‘zturk bilan suhbatlashdik.
– Parkentning go‘zal tabiati, toza havosining shuhrati Turkiyagacha yetib borgan, bunga aslo shubha qilmang, – deydi u hayratini yashira olmay. – Bu haqda eshitganimda, o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni niyat qilgandim. Mana, fursat topib keldim. Bilasizmi, bu yerda nimalarni his qildim? Avvalo, tog‘larning haybatidan ta’sirlandim. Buloq suvidan ichdim. Aytishlaricha, yer qa’ridan otilib chiqayotgan zilol suv tarkibida 50 dan ortiq foydali mineral bor ekan. Bu ma’lumotni eshitib, lol qoldim. O‘zimni jannatga tushib qolgandek his qildim. Bu yerga kelib, ilgari eshitganlarimdan ham ko‘prog‘iga guvoh bo‘ldim. Ayniqsa, milliy taomlaringiz shirin ekan. Yana bir gapni aytaman. Sizlar kelishingizdan oldin Hazrati Ali Buva ziyoratgohi haqida gapirib berishayotgandi. Musulmonlar uchun tabarruk qadamjo bo‘lgan ziyoratgohga tezroq boraylik, deb turgandim. Qarang, sayohatga kelib ziyorat ham qilyapman.
– Ochig‘i, mehmon uyimizga kelgan sayyohlarning hayratiga ko‘p guvoh bo‘lganman, – deydi turkiyalik sayyoh joylashgan uy sohibasi Inobat G‘iyosova. – Bu holat har gal qalbimda yurtimizga muhabbatni yanada kuchaytirib yuboradi. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan keyingi yillarda turizm sohasiga katta e’tibor qaratilayotganining ahamiyatini yanada teranroq tushunaman. Ba’zan shunday xayollarga berilib, agar turizmga bu qadar keng yo‘l ochilmaganda, ilgarigidek og‘ir sharoitda turmush kechirayotgan bo‘larmidik, deb qo‘yaman. Bugun mehmon uyi faoliyatini yo‘lga qo‘yib, kam bo‘layotganimiz yo‘q. Dasturxonimiz to‘kin, to‘y qilib, uylar ham quryapmiz. Eng muhimi, oila a’zolarimning hammasi ishli bo‘ldi. Mavsumda ishchilarimiz soni oila a’zolarim bilan qo‘shib hisoblaganda 15 nafarga yetadi. Ularga yaxshigina maosh to‘layapmiz. Xullas, faoliyatimizni yo‘lga qo‘yib, tumanimiz iqtisodi yuksalishida oz bo‘lsa-da, hissamiz borligidan xursandman.
Sportsevarlar ham shu yerda
Turizmning ahamiyati shundaki, u mehmonxona, transport, savdo-sotiq va boshqa xizmatlar rivojlanishiga zo‘r turtki beradi. Shu bois, sohani taraqqiy ettirishda ko‘pgina talablar bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi.
Kumushkon qishlog‘ida “Kumushkon sport sog‘lomlashtirish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyiha qiymati 3 milliard so‘mga teng bo‘lgan 50 o‘rinli zamonaviy mehmonxona va alohida binolar rekonstruksiya qilindi. Buning uchun 1 milliard so‘m bank krediti va 2 milliard so‘m korxona mablag‘lari sarflandi. Ayni paytda 10 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Sayyohlar, asosan, sportchilar bo‘lib, maskanda sportning 10 dan ortiq turidan mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoni bor. Suzish havzasi, boks uchun ring, kurash gilami joylashtirilgan xonalardagi shart-sharoitlar har qanday sportchini befarq qoldirmaydi. Bundan tashqari, hududda “Kumushkon taraqqiyot invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 19 milliard so‘mlik oilaviy sport sog‘lomlashtirish markazi hamda 80 o‘rinli mehmonxona barpo etilgan. Mazkur ikki maskan ham sayyohlar qabulini allaqachon boshlab yuborgan.
Shu o‘rinda yana bir quvonchli voqea haqida ikki og‘iz so‘z aytmasak bo‘lmaydi. Prezidentimizning 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi Parkent tumanining turizm salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki mazkur hujjatda pandemiya munosabati bilan turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun bir qator soliq imtiyozlari, subsidiyalar ajratilishi belgilandi.
Hujjatga muvofiq, ichki turizmni rag‘batlantiruvchi ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Masalan, yangi joriy etilayotgan aviaqatnovlarga chiptalar O‘zbekiston fuqarolariga 25 foiz arzon sotiladi. Agar bu chipta turoperator orqali xarid qilinsa, chegirma miqdoriga 15 foiz qo‘shilib, umumiy 40 foizlik chegirma taqdim etiladi. Shu bilan birga, turoperator orqali xarid qilingan mehmonxona xizmatlari ham 10 foiz arzonlashtiriladi. Kompleks xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlar korporativ narxlarda boshqa xizmatlarni ham arzonlashtirib berishi ko‘zda tutiladi.
Xalqimizda “Ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal”, degan gap bor. Biz ham jannatmonand go‘shada bo‘lib, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgach, Kumushkonda etnoqishloq, milliy taomlar, hunarmandlar, san’atkorlar hamda agroturizm qishloqlari yaratilishi tuman hayotida katta ahamiyatga ega ekanini dildan his etdik. Bu yerda xalq kutubxonasi, yoshlar ijodiyot markazi, sport namoyishlari maydonchasi, o‘tovlar shaharchasi, turizm axborot markazlari, suvenir hamda hunarmandchilik mahsulotlari do‘koni, sayyohlar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, sun’iy sharsharalar hamda mavsumiy dam olish maskanlari tashkil etilishi yo‘lidagi sa’y-harakatlar parkentliklar hayotida yangi-yangi sahifalarni ochib boraverishi, shubhasiz.
Kumushkondan qaytayotib, hududga kiraverishda o‘rnatilgan “Kumushkon” stellasi bu safar ko‘zimizga o‘zgacha ko‘rindi. Kumush rangda tovlanib turgan stella go‘yo turizm qishlog‘ining ertangi kunidan so‘zlayotgandek. Bu maskanda birin-ketin amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar mamlakatimiz, qolaversa, Parkent nomini dunyo bo‘ylab yoyib borayotganidan g‘ururlandik.
Abdusalim MAHMUDOV,
jurnalist