“Kumush tola” yetishtirish mavsumi boshlandi
Pillachilik azaldan qishloq aholisi uchun nafaqat mehnat, balki tirikchilik va baraka manbai bo‘lib kelgan. Bugun ham bu soha minglab xonadonlar uchun barqaror daromad va yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Sirdaryo viloyatida pillachilik mavsumining boshlanishi ham ana shu an’ananing izchil davomi bo‘ldi. Guliston tumanidagi “Bog‘ishamol” va “Nurli yo‘l” SIYU hududlarida joylashgan inkubatsiya xonalarida parvarishlangan 576 quti pilla qurti fermer va pillakorlarga tarqatildi. Bu jarayon ortida esa bir maqsad — aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirish vazifasi turadi.

Joriy yilda ushbu hududlarda qariyb 35 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich qishloq xo‘jaligining ushbu yo‘nalishdagi salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi.
Tadbirda ishtirok etgan Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev pillachilik mavsumini samarali tashkil etish, qurtlarni asrab-avaylab parvarishlash va ularni sifatli ozuqa bilan ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi. U pillakorlar oldida turgan eng muhim vazifa — har bir qutidan yuqori hosil olish ekanini ta’kidladi.

Ayni paytda mas’ullarga pillakorlarni tut bargi bilan uzluksiz ta’minlash, inkubatsiya jarayonlarini nazoratda ushlash va fermerlar bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Maydondagi kayfiyat esa o‘zgacha: qo‘lma-qo‘l tarqatilayotgan pilla qurtlari bilan birga umidlar ham tarqalmoqda.
Ko‘p yillik tajribaga ega pillakor Oytoji aya Nishonboyeva bu jarayonni shunday izohlaydi:
– Pilla qurtini 15 yildan buyon yetishtirib kelaman. Bejizga uni “baraka qurti” deyishmaydi. Har bir quti ortida ro‘zg‘orimizga kirayotgan baraka bor. Bu yil ham o‘zim parvarishlab, fermerlarga tarqatdik. Nasib etsa, 2 qutidan yaxshi daromad olaman, – deydi u.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, inkubatsiya usulida yetishtirilgan pilla qurtlari yuqori sifat va samaradorlikni ta’minlaydi. Bu esa pillachilikda yangi bosqichga ko‘tarilish imkonini bermoqda.
Bugun Sirdaryoda boshlangan mavsum faqat agrotexnik jarayon emas. Bu mehnatga berilgan e’tibor, odamlarga yaratilgan imkoniyat va farovonlik sari tashlanayotgan yana bir qadamdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri